[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

22.04.2025. Joriy yil — O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining yuz yigirma yillik yubileyi sifatida muhim tarixiy bosqich sifatida qayd etilmoqda. Bu sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlari keng ko‘lamda o‘tkazilayapti. Xususan, 21–27 aprel’ kunlari «O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi haftaligi» doirasida ta’lim muassasalarida qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Haftalikning dastlabki kuni Buxoro viloyatida joylashgan, o‘zining tabiiy go‘zalligi va shinam muhiti bilan mashhur bo‘lgan “Varnet” botanika bog‘ida o‘ziga xos ma’naviy bayram — “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Bu g‘oyaviy-ma’rifiy tadbirda viloyatning turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar va kasaba uyushmasi faollari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimini Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov ochib berdi. U o‘z so‘zida bu kabi tadbirlar inson salohiyatini rivojlantirish, jamoaviy fikrlashni kuchaytirish va ijtimoiy birlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, deb ta’kidladi.

O‘yin jarayonida 16 ta jamoa — jami 96 nafar bilimdon o‘zaro aql va zakovatda bellashdi. Ular savol-javoblar orqali nafaqat o‘z bilimlarini namoyon etdilar, balki mamlakatimizdagi kasaba uyushmalari tarixi, mehnat qonunchiligi, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar va ma’naviy hayotga oid bilimlarini ham sinovdan o‘tkazishdi.

Bellashuv yakunida Olot tumani sharafini himoya qilgan “Sapiens” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxoro tumanining “Buxoriy izdoshlari” va Qorako‘l tumanining “Tayanch” jamoalari esa munosib ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbirning ijobiy jihatlaridan biri shundaki, u raqobat ruhida emas, balki do‘stona muhitda, o‘zaro hurmat va hamjihatlik asosida o‘tdi. Bu esa o‘qituvchi va pedagoglarning faqatgina bilim emas, balki madaniyat va insoniy fazilatlar sohasida ham yuksak salohiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

R. Nosirova

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Buxoro viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi