[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

23.04.2025. 21 aprel’ kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida “Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi haftaligi” doirasida hamda 28 aprel’ — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Ta’lim sohasida mehnat muhofazasiga oid muammolarni bartaraf etish omillari” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda tumandagi ta’lim muassasalari rahbarlari, kadrlar bo‘yicha mutaxassislar va kasaba uyushmasi qo‘mita raislari faol ishtirok etdilar.

Seminarda Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Muhummadamin Karimjonov yangi Mehnat kodeksi va unga asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, 2017–2021 yillardagi harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan davlat dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u jamoa shartnomalarining mehnat munosabatlaridagi o‘rni va ularning huquqiy kuchga ega bo‘lishi to‘g‘risida tushuntirishlar berdi.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Davronbek Samarbekov o‘z ma’ruzasida sohadagi dolzarb masalalar, xavfsiz va sog‘lom mehnat muhiti yaratishning huquqiy va amaliy jihatlari haqida ma’lumotlar taqdim etdi. U Konstitusiyaning 37-moddasida mehnat qilish huquqi kafolatlanganini ta’kidlar ekan, bu huquqning hayotga tatbiq etilishida kasaba uyushmalarining roli katta ekanini qayd etdi.

Seminarda mehnat muhofazasi talablari va standartlarining ishlab chiqilishi, jamoa shartnomalari va korxonalarning ichki hujjatlarida aks etishi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar uchun bir xil majburiyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunlanishida ishtirokchilar yangi Mehnat kodeksi va mehnat muhofazasiga oid o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan bevosita javoblar olishdi.

A. Raxmonov

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi raisi