25.04.2025. Bugun Sirdaryo viloyatidagi “Indorama agro” mas’ulyati cheklangan jamiyatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzuidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Rustam Tursunmurodov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bo‘lim mudiri Mahmudjon Isaev hamda mutaxassislar mavzuga oid chiqishlarida ijtimoiy-mehnat munosabatlari va mehnat muhofazasi yo‘nalishlarida mamlakatimizda uch tomonlama hamkorlar, ya’ni, davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga alohida to‘xtaldilar.
Ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilishida O‘zbekiston o‘z ijobiy tajribasiga ega.
Mazkur yo‘nalishlarda Federatsiyaning Sirdaryo viloyati Kengashi sa’y-harakatlari bilan 2024 yilda ish vaqtida shikastlangan xodimlarning o‘zlari xamda oilalariga sug‘urta kompaniyalari va ish beruvchilar tomonidan to‘lab berilishi lozim bo‘lgan 561 milliondan ortiq mablag‘lar undirib berilishiga erishildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati