[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

25.04.2025. Joriy yilning 22–23 aprel’ kunlari O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida yana bir ezgu tashabbus amalga oshirildi. “O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi haftaligi” doirasida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 100 nafar pedagog-ishchi xodimlar, yoshlar hamda faxriylar ishtirokida Samarqand shahriga uyushtirilgan sayohat barcha uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.

Tashkil etilgan ushbu sayohat ishtirokchilar uchun nafaqat madaniy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘ldi, balki ularga ko‘tarinki kayfiyat, ilhom va birlik tuyg‘usini ham ulashdi. Sayohat dasturidan o‘rin olgan ekskursiyalar orqali ishtirokchilar ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrining tarixiy va diqqatga sazovor maskanlari — Registon maydoni, Shohizinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi va boshqa bir qator muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdi.

Ayniqsa, uzoq yillar davomida ta’lim tizimida faol mehnat qilgan, kasaba uyushmasi tarmog‘ida samarali xizmat ko‘rsatgan, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylarimiz uchun mazkur sayohat katta hurmat-e’tibor namunasi sifatida baholandi. Ular mazkur tadbirni tashkil etganlarga samimiy minnatdorchilik bildirishdi.

— Bunday e’tibor biz nafaqadagi faxriylar uchun juda qimmat. Umrimizning katta qismini ta’lim sohasiga bag‘ishlaganmiz. Bu kabi tadbirlar bizda yanada quvonch va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi, — deydi tadbir ishtirokchilaridan biri.

Shu kabi tadbirlar faqatgina ko‘ngilochar maqsadda tashkil etilmayapti. Ularning zamirida kasaba uyushmalarining faol a’zolarini rag‘batlantirish, yosh mutaxassislar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirish va ma’naviy yuksalishni ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mujassam.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan olib borilayotgan bunday ijobiy tashabbuslar soha xodimlarining ishga bo‘lgan munosabatini yanada mustahkamlab, kasbga sadoqatni oshiradi.

Ko‘hna Samarqandga uyushtirilgan ushbu sayohat barcha ishtirokchilarda faqat ijobiy taassurot qoldirdi. Ular nafaqat yurtimiz tarixini yana bir bor chuqurroq anglashga muvaffaq bo‘lishdi, balki o‘zaro muloqot, do‘stona muhit va yaxshi kayfiyat tuyg‘usini ham his qilishdi.

I. Xodjaev

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha mutaxassisi