28.04.2025. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari asosida xodimlarning mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi belgilangan vazifalarni hayotga samarali tatbiq etish maqsadida, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday loyihalar doirasidagi tadbirlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyat Kengashi tomonidan Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazildi. Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 28 aprel’ “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish, ish beruvchilar tomonidan xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida tashkil etilgan “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusidagi amaliy seminarda kasaba uyushma faollari, hamkor tashkilotlar vakillari, viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari ishtirok etdilar.
Amaliy seminar davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Federatsiyaning Toshkent viloyat kengashi mutasaddilari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati AJning mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislari “Innovasion texnologiyalarni joriy etish orqali mehnatni muhofaza qilish sharoitlarini yaxshilash”, “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar” mavzularida so‘zga chiqib, ishtirokchilarga mavzuga oid muhim ma’lumot va tahlillarni taqdim etdilar.
Tadbir doirasida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish” yuzasidan Respublika ko‘rik-tanlovi hamda “Elektr energiyasi va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha eng yaxshi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti” tarmoq ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Viloyat bosqichida ishtirok etgan Ta’lim va fan, Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari, Madaniyat va sport, turizmni rivojlantirish, Sog‘liqni saqlash, Agrosanoat majmui, Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari hamda Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriya xodimlari kasaba uyushmasi tarmoqlaridan 81 nafar ishtirokchi orasidan “Eng yaxshi tashkilot”, “Eng yaxshi kasaba uyushma qo‘mitasi”, “Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil”, “Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha yosh mutaxassis” nominasiyalari bo‘yicha 59 nafar g‘olib aniqlanib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mehnat jamoalarida elektr energiyasi va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashga yo‘naltirilgan ishlarni faollashtirish hamda energiya tejash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etib, mahsulot, ishlar, xizmatlarning energiya sig‘imini kamaytirish uchun elektr energiyasini va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash va ulardan samarali foydalanish borasidagi harakatlari uchun “Elektr energiyasi va yoqilg‘i-energetika resurslarni tejash bo‘yicha eng yaxshi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti tarmoq ko‘rik tanlovi”ning viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan uchta tashkilot taqdirlandi.
Tadbir doirasida tarmoq kasaba uyushmalari bilan birgalikda viloyatdagi ishlab chiqaruvchi korxona-tashkilot va muassasalar tomonidan mehnat muhofazasiga doir ko‘rgazmalar ham tashkil etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati