30.04.2025. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Farg‘ona viloyati shahar va tuman kengashlari tomonidan 28 aprel’ — “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” mehnat jamoalarida keng nishonlanmoqda.
Har yili 28 aprel’ kuni butun dunyo miqyosida Mehnatni muhofaza qilish kuni keng nishonlanadi. Xalqaro Mehnat Tashkilotining ushbu tashabbusi 2003 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur sana munosabati bilan dunyoning yuzdan ziyod mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham, ish joylarida jarohatlanish hamda kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, tarmoq tizimidagi tashkilot va muassasalarda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda ish joylarida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish, ish beruvchi va xodimlarning mehnat muhofazasi talablariga rioya etishi bo‘yicha mas’uliyatini oshirish mavzusida muhokamalar o‘tkazildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi hamda Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi hamkorligida Buvayda tumanida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari va ish beruvchilar ishtirokida “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, sana munosabati bilan mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Tanlovda shahar va tumanlardan taqdim etilgan hujjatlar viloyat komissiyasi tomonidan nominasiyalar bo‘yicha ko‘rib chiqilib, g‘oliblar aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Qo‘qon shahridagi 46-maktab,
2-o‘rin — Farg‘ona tumanidagi 63-maktab,
3-o‘rin — Rishton tumanidagi 32-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi