01.05.2025. 2025 yil 29 aprel’ kuni UCG “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan “Xodimlarning hayoti va sog‘lig‘i ishlab chiqarish natijalaridan ustuvor” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir “Mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish va kasb kasalliklari profilaktikasi” bo‘yicha manzilli dasturni amalga oshirish maqsadida tashkil qilindi.
Seminarda quyidagi mutaxassislar ma’ruza bilan qatnashdilar:
S.N. Mel’nikov — UCG “Qizilqumsement” AJ bosh direktori;
N. Qodirov — Sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining Navoiy hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari;
O. Kenjaev — Navoiy viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi davlat inspektori;
X. Rabbimov — Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti professori;
N.I. Yuldasheva — O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Navoiy viloyati kengashi raisi.
Ma’ruzalarda sanoat korxonalarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy sheriklikning ahamiyati, zamonaviy talablar asosida mehnatni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda korxona bo‘lim va bo‘linma rahbarlari, mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ullar, sex kasaba uyushmasi vakillari ishtirok etishdi. Ularga mehnat muhofazasi va gigienasi qoidalari, xavfsiz ish joylarini yaratish va xodimlar salomatligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
O‘quv-seminar yakunida soha vakillari 28 aprel’ — “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan tabriklanib, mehnatni muhofaza qilish sohasida faollik ko‘rsatgan xodimlar tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir yakunida ish beruvchi va kasaba uyushmalari kelgusida ham mehnat huquqlari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy kafolatlar va sog‘lom ish muhitini ta’minlash borasida hamkorlikda ish olib borish muhimligini ta’kidladilar.