01.05.2025. 2025 yil 1 may kuni Jizzax shahridagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi majlislar zalida 28 aprel’ — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati formatda tashkil etilgan ushbu tadbirda:
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Q. Qirg‘izaliev,
Federatsiyaning Nazorat-taftish komissiyasi rais o‘rinbosari A. Isakov,
Jizzax viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi,
Jizzax viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimlari,
yirik korxonalar rahbarlari va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar,
hamda ijtimoiy hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi raqamli yechimlar, sun’iy intellekt imkoniyatlari, ish joylarida xavfsiz mehnat muhitini yaratishdagi yangi yondashuvlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining 2017 yil 20 noyabrdagi №8-108 “s” sonli qaroriga asosan tashkil etilgan “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazorati” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari komissiya xulosasiga ko‘ra 1-, 2-, va 3-darajali diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shu munosabat bilan viloyatning 12 ta tumani va 1 ta shahridagi hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” doirasida tematik tadbirlar o‘tkazildi.