02.05.2025. 28 aprel’ — “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan “Mehnat muhofazasi haftaligi” doirasida Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida seminarlar, ko‘rik-tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, Respublika kengashi va “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida seminar o‘tkazildi. Unda kasaba uyushmasi faoliyati hamda mehnatni muhofaza qilish masalalari yuzasidan ma’lumot va tavsiyalar berildi. Respublika kengashining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Shuhratilla Rixsiboev va qo‘mita raisi Diyor Alimov, shuningdek jamoatchilik vakillari, yong‘in xavfsizligi, sanoat xavfsizligi mutaxassislari ishtirok etib, mavzu yuzasidan ma’ruzalar bilan chiqish qilishdi va tajriba almashishdi.
Tadbir yakunida mehnatni muhofaza qilish tizimini rivojlantirishdagi katta hissasi uchun bir qator xodimlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ayni paytda “Navoiyazot” AJ korxonasida mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘limida 27 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ular xodimlarni shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish bilan birga, targ‘ibot tadbirlari orqali ishchilarning xushyorligini oshirishga hissa qo‘shmoqda.
Kasb fidoyilarining mehnati munosib e’tirof etilib, jamiyat kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Feruza Fayzieva tomonidan ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Maxam-Chirchiq” AJda ham “Mehnat muhofazasi haftaligi” doirasidagi tadbirlar samarali tashkil etildi. Mazkur korxonadagi tadbirlarda “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida maxsus flaerlar tayyorlanib, korxona hududiga kirish joylarida tarqatildi. Shuningdek, videoroliklar katta ekranlar orqali namoyish etildi.
Tadbirda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi B.M. Abdullaev, ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.N. Yuldashev, sex rahbarlari va jamoatchilik vakillari o‘z ma’ruzalarida mehnat muhofazasi borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdilar. Tadbir davomida faol xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Mehnat muhofazasiga oid muammolar va yechimlar yuzasidan fikr almashildi. Madaniyat saroyi ijodiy jamoasining chiqishlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
“Qizilqum Fosforit Kompleksi” MChJda esa mehnat muhofazasi bo‘yicha “Eng yaxshi vakil” va “Eng yaxshi xodim” tanlovlari tashkil etildi. Ishtirokchilar bilimlari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkazildi. G‘oliblar korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan taqdirlandilar.
Tarmoqdagi boshqa korxonalarda ham “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan tadbirlar uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi