07.05.2025. Har yili mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanadi. Bayram munosabati bilan urush faxriylarining xonadonlariga borilib, holidan xabar olinadi, sovg‘a-salomlar topshiriladi.
Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasi hamda kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi tirik afsonasi, 105 yoshli Usmonjon ota Rahimov holidan xabar olindi. Otaxonning sog‘ligi tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Kerakli dori-darmonlar va bayram sovg‘alari topshirildi.
– Hech qachon urush bo‘lmasin, – dedi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Usmonjon ota Rahimov. – Mana necha yildirki, o‘sha mudhish kunlarni eslayman. Qanchadan-qancha do‘stlarim qurbon bo‘ldi.
Berlingacha yetib borib omon qolgan Usmonjon ota Rahimov bosqinchilarga qarshi olib borilgan ayovsiz janglar, dushman o‘qi va hiyla-nayranglarini bardosh berib, g‘alaba qozongan xalqimiz xususida so‘zlab berdi.
Bugungi tinch-osuda hayot, davlatimiz rahbarining xalqparvar siyosati yaxshi niyatlar bilan qilingan duolar orqali e’tirof etildi.
Ikkinchi jahon urushida qon kechib, tinchlik uchun kurashgan va urushdan keyin yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan Ikkinchi jahon urushi tirik afsonasiga uzoq umr, mustahkam sog‘lik tilab qolindi.
Bunday tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi