08.05.2025. Xorazmlik xodimlar “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida poytaxtga bordilar
O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda Respublika kengashining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi va Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida Toshkent shahriga 2 kunlik sayohat tashkil etildi.
Ushbu sayohatda yaqinda tarmoq tizimiga qo‘shilgan Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan “Jayxun Invest” MChJ korxonasi xodimlari ishtirok etdilar.
Sayohat doirasida mehmonlar Hazrati Imom majmuasi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, G‘alaba bog‘i va “Shon-sharaf” muzeyi, “Shahidlar xotirasi” majmuasi va “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylariga tashrif buyurdilar. Har bir manzilda Toshkent shahrining tarixiy merosi bilan yaqindan tanishib, o‘z bilimlarini yanada mustahkamladilar.
Shuningdek, ishtirokchilar poytaxtimizda amalga oshirilayotgan qurilishlar, yangilanishlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. “Tashkent Siti” majmuasi hamda “Mejik Siti” oilaviy ko‘ngilochar bog‘iga tashriflar ham ularda iliq taassurot qoldirdi.
— Biz korxonamiz kasaba uyushmasi a’zolari bilan ikki kun mobaynida Toshkent shahri bo‘ylab maroqli sayohat qildik. Korxonamizda kasaba uyushmasining boshlang‘ich tashkiloti tuzilganidan juda mamnunmiz, — deydi korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Gulnoza Kutlimuratova. — Respublika kengashi xodimlari tomonidan faoliyatimizga doimiy amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazmunli sayohat uchun Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimjonova va barcha mutaxassislarga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
“Jayxun Invest” korxonasi xodimlari ushbu sayohatdan katta ilhom va unutilmas taassurotlar bilan qaytdilar.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi