11.05.2025. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. O‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat kengashi tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ham mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ular holidan xabar olindi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi, shuningdek, o‘tganlar xotirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni arafasida bir qator xotira turnirlari ham o‘tkazildi.
Xususan Qumqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Surxondaryo viloyati kengashi hamda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Surxondaryo viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi hamkorligida viloyat kasaba uyushmalari tizimiga rahbarlik qilgan marhum Anvar Astanaqulov xotirasiga bag‘ishlab agrar sohada mehnat qilayotgan ayollar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi.
Termiz shahridagi 26 maktabda Federatsiyasining viloyat Kengashi hamda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat birlashgan qo‘mitasi hamkorlikda viloyat kasaba uyushmalari fidoyisi Tillo Mengliev xotirasiga bag‘ishlab ayollar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat birlashgan qo‘mitasi hamkorligida “Asson” mehmonxonasida tashkil etilgan shaxmat musobaqalari viloyat kasaba uyushmalari birlashmasida ko‘p yillar raislik qilgan marhum Xumoyiddin Sharofiddinov xotirasiga bag‘ishlandi. Mazku musobaqalarda tizimidagi tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etdilar.
Bundan tashqari Termiz shahridagi “Alpomish” o‘yingohida Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Surxondaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikda bir guruh sport fidoyilari, tibbiyot sohasi xodimlari ishtirokida tibbiyot fanlari doktori Quvondiq Madartov xotirasiga bag‘ishlangan tennis musobaqalari, “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat kengashi hamkorligida davlat arbobi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining sobiq raisi Bo‘ri Allamurodov xotirasiga bag‘ishlangan shaxmat turniri, “Surxon Arena”da Federasiyaning Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan sport fidoyisi, kasaba uyushmalari mehnat faxriysi Musurmonqul Onorov xotirasiga bag‘ishlangan futbol bo‘yicha xotira turniri tashkil etildi.
O‘tkazilgan barcha xotira turnirlari ko‘tarinki ruhda va qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari I, II, III darajali diplom va medallar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
м