12.05.2025. Farog‘at Saparova 1996 yildan beri Xorazm viloyati sil kasalliklari sanatoriysida faoliyat yuritib kelmoqda. Tirishqoq va mas’uliyatli hamshira ish boshlagan ilk kunlaridanoq jamoa ishonchini qozongan. 2011 yilda TTA Urganch filialini oliy ma’lumotli hamshira yo‘nalishida tamomlab, malakasini mustahkamladi. 2013 yilda esa u sanatoriy bosh hamshirasi lavozimiga tayinlandi. 2017 yilda Farog‘atga yana bir ishonchli vazifa yuklandi — uni boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi qilib saylashdi.
Bugungi kunda u 150 dan ortiq hamkasbining manfaatlarini himoya qilish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Shaxsiy hayotda esa yolg‘iz ona sifatida ikki farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqda. Uy uchun to‘lovlar va tibbiyot universitetida o‘qiyotgan o‘g‘lining kontrakt xarajatlari og‘irchilik qilsa-da, kuy-qo‘shiqqa oshufta qalbi uni kelajakka ishonch bilan yetaklaydi.
Farog‘at Saparova kasaba uyushmalari tomonidan o‘tkazilgan turli tanlovlarda faol ishtirok etib, viloyat va respublika bosqichlarida ko‘p marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Eng muhimi — hamkasblari uni qo‘llab-quvvatlaydi va hurmat qiladi. Shu bois yaqinda bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov yig‘ilishida ham unga yana ishonch bildirildi.
Qizig‘i shundaki, 30 yillik mehnat faoliyati davomida Farog‘at hali biror marta ham sanatoriyda dam olmagan ekan.
Bu yil 12 may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan, “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi doirasida, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat kengashi hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyatdagi 4 nafar faol hamshiraga Federatsiya tasarrufidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etildi.
Bepul yo‘llanma olganlar quyidagilar:
Farog‘at Saparova — Xorazm viloyati sil kasalliklari sanatoriysi bosh hamshirasi;
Gulasal Allaberganova — Tuproqqal’a tuman tibbiyot birlashmasi xodimi;
Malohat Ro‘zimova — Shovot tuman tibbiyot birlashmasi umumiy jarrohlik bo‘limi hamshirasi;
Gulnoza Rahimova — Xiva shahar tibbiyot birlashmasi reabilitasiya bo‘limi hamshirasi.
Tadbirda so‘z olgan Xorazm viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi Gulsara Qurbonboeva kasaba uyushmalarining a’zolar manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlari, sanatoriylarda yaratilayotgan qulayliklar va kelgusida yana o‘nlab a’zolarga bepul yo‘llanma taqdim etilishi haqida ma’lumot berdi.
Dilnoza Saidnazarova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat kengashi ijtimoiy sug‘urta bo‘limi yetakchi mutaxassisi