[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

16.05.2025. 2025 yil 16 may kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati kengashi tomonidan ikkinchi bor an’anaviy tarzda tashkil etilgan “Gullar festivali” yuqori saviyada va keng ko‘lamda o‘tkazildi. Festival’ O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan 2025 yilda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasidagi muhim ijtimoiy-ekologik tadbirlardan biriga aylandi.

Avvalgi yillarga nisbatan bu yilgi festival’ ancha keng ko‘lamda tashkil etildi. Unda 1000 nafarga yaqin gulchilikka qiziquvchi kasaba uyushma faollari, fermer xo‘jaliklari va mutaxassislar, havaskor gulparvarlar, seleksionerlar hamda gulchilik sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ishtirok etdi. Bu yil ilk bor gulchilik sohasidagi mutaxassislar va seleksionerlar uchun alohida maydon ajratilib, ularning tajriba va yutuqlari keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Festival’ karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda boshlandi va uni Kasaba uyushmalari viloyat kengashi raisi M. Olimov ochiq deb e’lon qildi. Ishtirokchilar uchun viloyatimizning mashhur folklor jamoalari tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi hamda an’anaviy osh sayli tashkil etildi.

Festival’ doirasida gul kompozisiyalari va gulchilik texnologiyalariga bag‘ishlangan tanlovlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar gul turlarining xilma-xilligi va noyobligi, kompozisiya sifati, vizual ko‘rinishi, texnik ijro, gullarni parvarishlash texnologiyasi va ma’lumot taqdimoti kabi mezonlar asosida baholandi. G‘oliblar “Eng yaxshi gulchi texnolog”, “Eng yaxshi gulchilik maktabi gulchisi”, “Eng faol boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti”, “Eng chiroyli dekoratsiya”, “Gullar festivalini OAV orqali yoritishdagi hamkorlik uchun” kabi nominasiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.

Shuningdek, festivalda dunyo gullariga oid qiziqarli ma’lumotlar ham taqdim etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Yer yuzida 450 mingdan ortiq gul turlari mavjud. Ayrim gullar 150 yildan so‘ng gullaydi, ba’zilari esa o‘z rangini vaqt o‘tishi bilan o‘zgartirib turadi. Atirgulning 50 mingdan ziyod turi mavjud bo‘lib, ularning barchasi yovvoyi na’matakdan kelib chiqqan.

“Gullar festivali” “Yashil makon” loyihasi doirasida aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, gulchilik madaniyatini ommalashtirish, tabiatga ehtirom, mehnat va ijod uyg‘unligini targ‘ib etish maqsadida o‘tkazildi. Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu festival endi an’anaga aylanib, har yili yanada keng ko‘lamda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.