[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

26.05.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan haftalik tadbirlar doirasida “Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi stipendiyasi” tanlovining Respublika bosqichi Toshkent kimyo-texnologiya institutining majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida yoshlarning faolligini oshirish, tarmoqdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirish, kasaba uyushma kadrlarini tayyorlash, yuqori baholarga o‘qiyotgan, kimyo sohasida tadqiqot olib borayotgan va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faoliyatida ishtirok etayotgan talabalarni rag‘batlantirishdan iboratdir.

Tanlov ishtirokchilarining hujjatlari Respublika komissiyasi tomonidan tanlov nizomi talablari asosida ko‘rib chiqildi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari Nilufar Qodirjonova va Shaxlo Bobojonova stipendiya g‘oliblari deb topildi. Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan boshqa talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

— Ushbu stipendiya sohibasi bo‘lish menga va kasaba uyushmasi faoliyatidagi ishlarimga katta dalda bo‘ldi. Men kasaba uyushmalari faoliyatida ishtirok etib, yordam berish jarayonida yana bir sohani o‘rganayotganimdan mamnunman. Kelgusida talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etishga harakat qilaman, — deydi tanlov g‘olibasi Shaxlo Bobojonova.

Sh. Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi