29.05.2025. Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Chorchinor” bolalar oromgohida “2025 yil yozgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etish” maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
Ushbu seminar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi va Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Samarqand viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Seminarda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Saidova Zebo Behbudovna, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Rafiqov Suhrob Abdug‘afurovich, Federatsiyadan viloyatga biriktirilgan vakil Dehqonov Nodir Shuhratovich va Urgut tumani hokimi Jabborov Botir Shukurulloevich ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbirda shahar va tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, tibbiyot birlashmalari boshliqlari, kasaba uyushma raislari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari bosh vrachlari, oromgoh rahbarlari, bosh tarbiyachilar, yetakchilar, oromgohga biriktirilgan shifokorlar va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda viloyatdagi shahar va tumanlarda joylashgan sog‘lomlashtirish oromgohlarida 8000 nafar bola 5 davra (smena) mobaynida dam olishi, shuningdek, 57 ta umumta’lim maktabi huzurida tashkil etiladigan sog‘lomlashtirish maydonchalarida 12 805 nafar o‘quvchi qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Seminar davomida Yangi O‘zbekiston bolalarini har tomonlama barkamol, jismonan sog‘lom, ma’naviy jihatdan boy, milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida oromgohlarda o‘tkaziladigan madaniy va ma’rifiy tadbirlarni 12 kunlik namunaviy dastur asosida tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tegishli mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan oromgohlardagi sanitariya-gigiena sharoitlari, bolalar ovqatlanishining sifati va xavfsizligi, tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi, tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy faoliyatlar samaradorligi, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va mas’uliyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida oromgoh rahbarlari o‘zaro tajriba almashib, namunaviy ish usullarini o‘rgandilar. Seminar viloyatdagi barcha oromgohlarda yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini yuqori saviyada tashkil etish, bolalar uchun xavfsiz va mazmunli dam olish muhitini yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.