29.05.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan tarmoq tizimidagi barcha kasaba uyushma tashkilotlarida targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar va tanlovlar o‘tkazilishi “Yo‘l xaritasi” asosida belgilangan.
Jamiyat hayoti va xodimlarning kundalik turmush tarzida kasaba uyushmalarining o‘rni va rolini oshirish maqsadida “Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari kasaba uyushmalari haftaligi” joriy yilning 26–30 may kunlari o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan 27 may kuni “Kasaba uyushmalari haftaligi” doirasida tarmoq kasaba uyushmasi tomonidan “O‘zmetkombinat” AJ hamda Toshkent shahridagi korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borgan faxriylar uchun Toshkent shahriga turistik sayohat tashkil etildi.
Tadbir doirasida faxriylar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdilar. Ular sayohatdan katta taassurotlar olganini, bunday e’tibor va hurmatdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
— Toshkent shahrida istiqomat qilsam ham, ish va uy orasida yurib, faqat zarurat tufayli ko‘chaga chiqardim. Shu bois, shahrimizning shunday obod va chiroyli bo‘lib ketganini ilgari payqamagan ekanman, — dedi “Texnolog” AJ sobiq kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Vasila Xoshimova.