29.05.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda “O‘zkimyosanoat” AJ hamkorligida “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovining Respublika bosqichi D.I. Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali majlislar zalida o‘tkazildi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni har tomonlama yetuk mutaxassis sifatida shakllantirishga ko‘maklashish, kasbga bo‘lgan hurmat va faxr tuyg‘usini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, innovasion g‘oya va texnologiyalarni hayotga tatbiq etish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va fuqarolik jamiyatidagi faolligini kuchaytirishdan iborat.
Tanlovni tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Ibrohim Isoqov ochib berdi. U o‘z so‘zida kasaba uyushmalarining 120 yillik tarixi va bugungi kunga qadar amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi hamda barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z tadqiqot mavzulari yuzasidan taqdimotlar bilan ishtirok etdilar. Har bir taqdimot hakamlar hay’ati tomonidan Nizom talablariga muvofiq baholandi.
Yosh mutaxassislar tomonidan ishlab chiqarish hajmi va samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdim etildi. Masalan, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ vakili Aslbek Ahmedov tomonidan havodagi mikro KCl (kaliy xlorid) changlarini suv yordamida bostirish bo‘yicha loyiha taqdim etildi. Bu loyiha 2024 yil fevral’ oyida amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, yiliga 1 mlrd 383 mln so‘mlik iqtisodga erishish rejalashtirilgan. Har oyda taxminan 115,25 mln so‘m iqtisod qilinmoqda.
“Maxam-Chirchiq” AJ vakili Aysenam Bayjanova “Kuchsiz nitrat kislota ishlab chiqarishda katalitik tozalash bosqichini modernizasiya qilish va natriy nitrit tuzini mahalliy ishlab chiqarish” mavzusidagi loyihasi orqali import o‘rnini bosish, chiqindilardan mahsulot olish va resurslarni tejash kabi muhim maqsadlarga erishish imkonini taqdim etdi. Tahlillarga ko‘ra, loyiha ekologik xavfsiz, energiya tejamkor va yillik foydasi 350 ming AQSh dollarini tashkil etadi. U o‘zini 1,5 yilda oqlaydi.
Tanlov yakunida:
1-o‘rin — “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xodimi Aslbek Ahmedov,
2-o‘rin — “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK vakili Bunyod Mirsaitov,
3-o‘rin — Toshkent kimyo-texnologiya instituti xodimi Jaloliddin Eshbobaevga berildi.
G‘oliblar va faol ishtirokchilar Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi