02.06.2025. 1 iyun’ — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi.
Ushbu tadbir doirasida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari va nogironligi bo‘lgan bolalar holidan xabar olinib, ularga turli xil sovg‘alar topshirildi.
Qo‘qon shahridagi 2-sonli bolalar uyida ham mas’ullarning tashrifi bolajonlar uchun quvonchli damlarga aylandi. Kasaba uyushmalari tomonidan tayyorlangan sovg‘alar ularga katta xursandchilik ulashdi.
Shuningdek, “Sog‘lom bola” nomli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ham kasaba uyushmalarining sovg‘alarini qabul qilib, mamnun bo‘lishdi.
Farg‘ona viloyatidagi 39-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga ham sovg‘alar ulashilib, ularga bayramona kayfiyat baxsh etildi.
— Kasaba uyushmalari muassasamiz tarbiyalanuvchilariga doimiy ravishda g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bolalarimizni mamnun etib, sovg‘alar ulashdilar. Buning uchun kasaba uyushmalariga minnatdorchilik bildiramiz, — deydi muassasa xodimi Kamolaxon Ergasheva.