03.06.2025. Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufidagi “Oltiariq” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi mavsumning ilk dam oluvchi o‘g‘il-qizlarini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
Go‘zal tabiati bilan har qanday insonni maftun etadigan ushbu maskan bolajonlar bilan yanada fayzli tus oldi. Bu yerda ularning mazmunli va maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
So‘lim go‘shalarda o‘g‘il-qizlar sport bilan shug‘ullanishmoqda, ularning iste’dodlarini namoyon etishlari uchun turli to‘garaklar faoliyat olib bormoqda.
Bundan tashqari, ingliz va rus tillari, shuningdek adabiyot fanlari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilgan. Bolalar adabiyoti, ertaklar va she’rlar bilan boyitilgan kutubxona dam oluvchilar ixtiyorida.
Ayni paytda oromgohda 100 nafar bola o‘z ta’til kunlarini mazmunli va foydali o‘tkazmoqda.