[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

09.06.2025. Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida barpo etilgan “Humo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi.

Mazkur oromgohning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va uning Xolrazm viloyat kengashi, Xorazm viloyati hokimligi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, ustoz va murabbiylar, nuroniylar, kasaba uyushma va mahalla faollari, ota-onalar va bolajonlar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Murod Achilov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Xurshid Umarov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston kengashi raisi Ulug‘bek Jalmenov, O‘zbekiston Qahramoni Anor Mahmudova va boshqalar yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ahamiyati, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar va ehtiyojmand oilalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, xususan, yosh avlod kamoloti, baxtu saodati yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida to‘xtaldilar. Ushbu oromgoh nafaqat Xorazm viloyati, balki Orolbo‘yi bolalarini sog‘lomlashtirishda muhim o‘rin tutadigan muazzam inshoot ekanligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, joriy yilgi mavsumda Respublika miqyosida jami 1 428 ta oromgohda 327 ming 454 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Shundan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi 81 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 76 655 nafar bola sog‘lomlashtiriladi.

“Humo” bolaalr sog‘lomlashtirish oromgohini Xorazm viloyatining chekka hududida yangidan qurish tashabbusi Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Milliy va zamonaviy me’morchilik an’analari uyg‘unlashgan ushbu inshootni o‘z muddatida bolajonlarga tuhfa qilish uchun qo‘li gul quruvchilar fidokorona mehnat qildilar.

Tantanali ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar oromgohdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. 5,8 gektar maydonda 45 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan 200 o‘rinli ushbu zamonaviy oromgoh mavsum davomida 1000 nafar bolajonlarning nafaqat maroqli dam olishlari, balki ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish, sport va san’at bilan shug‘ullanishlari uchun ham barcha qulayliklarga ega. Xususan, amfiteatr, basseyn, oshxona, futbol maydoni, shinam yotoqxona, to‘garak xonalari, kutubxona va boshqalar bolajonlar xizmatida.

– Bu yerda bolalarning maroqli hordiq chiqarishi, qolaversa bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarish, sport va san’at bilan shug‘ullanishlari uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan. Tarbiyachilar, to‘garak rahbarlari, oshpazlar, tibbiyot xodimlari bilan ular xizmatiga shaymiz, – dedi oromgoh rahbari Sanjarbek Bekchanov.

Shuni ham aytish kerakki, oromgohning ishga tushishi munosabati bilan 30 dan ziyod ish o‘rinlari yaratildi. Ish bilan band qilinganlarning 10 dan ziyodi “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlar ekanligini ta’kidlab, aholi bundan mamnunligini bildirdi.

– Oromgoh menga juda yoqdi. Bizga bunday muhtasham koshona qurib bergan Prezidentimizdan minnatdormiz, – deydi o‘n yashar Lolaxon Bozorboeva. – Bizning guruhimiz “Orzular qanoti” deb nomlanadi. Tarbiyachilarimiz, to‘garak rahbarlari juda mehribon. Ertalabdan badan tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanamiz. Nonushta qilib, mashg‘ulotlarni boshlaymiz. Kun davomida zerikish nimaligini bilmaymiz.  Kechurunlari esa turli tanlovlarda qatnashyapmiz. Biz O‘zbekiston bolalari juda-juda baxtlimiz.

– Bugungi kunda yurtimizda yosh avlodning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi, ularning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Bu yil yoz mavsumida Xorazm viloyati bo‘yicha jami 27 oromgohda 12 mingga yaqin bolajonlarni sog‘lomlashtirish belgilangan.  Barcha oromgohlarda buning uchun zarur sharoitlar yaratilgan, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbonboeva. -“Xumo” kabi yangi va zamonaviy oromgohlar barpo etilib, foydalanishga topshirilayotgani  yurtimizda Davlatimiz rahbari boshchiliklarida bolalarga, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklarning yana bir yorqin ifodasidir.

Muhabbat To‘raboeva