12.06.2025. Bolalar mehnati — bu voyaga yetmaganlarni muntazam mehnatga jalb qilish hisoblanadi. U ko‘plab davlatlarda bolalarni uzluksiz ekspluatasiya qilish sifatida baholanadi va qonun yo‘li bilan ta’qib qilinadi.
O‘tmishda bolalar mehnatiga oddiy hol sifatida qaralgan. Ammo, bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qator xalqaro konvensiyalar qabul qilinganidan so‘ng, bu holatga bosqichma-bosqich chek qo‘yila boshlandi.
BMT va Xalqaro mehnat tashkiloti bolalar mehnatiga qarshi qat’iy pozisiyani egallaydi. Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 32-moddasida bolalarni jismoniy, ruhiy, ma’naviy va ijtimoiy rivojlanishiga to‘siq bo‘luvchi, salomatligi hamda ta’lim olishiga xalaqit qiluvchi har qanday iqtisodiy ekspluatasiyadan himoya qilish nazarda tutilgan.
Albatta, bolalar mehnatiga qarshi qator konvensiyalar va milliy qonunlar mavjud.
To‘g‘ri, ayrim hollarda bolalarning pul topish yoki oilasiga yordam berish maqsadidagi harakatlariga nisbatan chidash mumkindek tuyulishi mumkin. Ammo bu kabi holatlarga chek qo‘yish zarur. Chunki dunyoda yanada og‘ir muammolar mavjud — aytaylik, voyaga yetmagan bolalar ayrim hollarda qullikka tortilayotgani, jangovar harakatlarda ishtirok etayotgani yoki hattoki, jinsiy ekspluatasiya qurboni bo‘layotgani ma’lum.
Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi ratifikasiya qilgan dastlabki xalqaro hujjatlardan biri — Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bo‘lgan.
Ushbu konvensiya bolalarga nisbatan har qanday shakldagi shafqatsiz muomala, ekspluatasiya va kamsitishni taqiqlaydi. O‘zbekiston mazkur xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etdi va bolalar mehnatini bartaraf etish bo‘yicha barcha xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.
Bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, shubhasiz, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatning xalqaro nufuziga hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bekpolat O‘tepbergenov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mehnat texnik inspektori