13.06.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidori, tashabbuslari va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yosh kasaba a’zolarining ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, ma’naviy va intellektual rivojini ta’minlash masalalariga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini ularning bilim salohiyatini yuksaltirish, mantiqiy va ijtimoiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qildi. Unda yettita tarmoq kasaba uyushmalari vakillari o‘zaro bellashishdi.
Yigirmata mantiqiy, falsafiy va tarixiy savoldan iborat bo‘lgan o‘yin yakunlariga ko‘ra:
ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining “Jayhun” jamoasi — birinchi o‘rin,
davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasining “Qalqon” jamoasi — ikkinchi o‘rin,
madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasining “Renessans” jamoasi — uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar va faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, jamoa shartnomalarida yoshlar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va imkoniyatlar ularning jamoa hayotida munosib o‘rin egallashi, iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan tashqari, “Men donorman!”, “Qon — bu hayot”, “Salomatlik sari” kabi aksiya va marafonlar tashkil etildi hamda yoshlarning faol ishtiroki ta’minlandi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida ekologik ongni yuksaltirish maqsadida “Ekoturizm” aksiyasi o‘tkazildi.
Kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilayotgan sayohatlar, muzeylarga tashriflar, tanlovlar va sport musobaqalarida ham yoshlar jonkuyarlik bilan ishtirok etmoqda.
Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday tadbirlar kasaba uyushmalari tomonidan izchil davom ettiriladi.
Baxtiyor Ismoilov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi