[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

13.06.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yangidan qurilib, joriy yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida foydalanishga topshirilgan “Sirdaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 12 iyun’ – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

“Taraqqiyot aniq, ammo qilinadigan ishlar ko‘p: keling, sa’y-harakatlarni tezlashtiraylik!” mavzuida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Bayramona ruhda o‘tkazilgan mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad – aholining, shu jumladan, yosh avlod vakillarining O‘zbekistonda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligidan xabardorlik darajasini yanada oshirish, shuningdek, xuddi shu maqsadda olib borilayotgan tizimli sa’y-harakatlarni keng jamoatchilikka, shu jumladan, jahon hamjamiyatiga yetkazishdir.

Ma’lumki, Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusiga ko‘ra har yili 12  iyun’ kuni dunyoning aksariyat mamlakatlarida “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi. Oxirgi Global hisob-kitoblar, afsuski, dunyo miqyosida 152 million o‘g‘il-qiz bolalar mehnatiga jalb qilinganligini ko‘rsatadi. Ta’kidlash joizki, mustahkam va samarali qonunchilik bazasi bolalar mehnatiga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu borada juda katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga batamom barham berildi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykot bekor qilindi va dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan uch yuzdan ortiq brendi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Mamlakatimizda bolalar mehnatiga qarshi kurash borasidagi davlat siyosati Konstitusiya darajasida mustahkamlanganligini alohida ta’kidlash zarur. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 44-moddasiga “Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi” degan qat’iy norma kiritildi. Bu-O‘zbekistonda har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, orzu-istaklari ro‘yobga chiqib, murod maqsadiga yetishi uchun katta kafolatdir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarida voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzish, ya’ni, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki ahloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.

“Sirdaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida tashkil etilgan mazkur tadbirda bu kabi loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining, shu jumladan, o‘g‘il-qizlarning bolalar mehnati va uning salbiy oqibatlari to‘g‘risida xabardorlik darajasini yanada oshirish, mamlakatimizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan tizimli ishlardan keng jamoatchilikni xabardor etish ekanligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” uchun maxsus tayyorlangan tematik roliklar namoyish etildi. Oromgohda dam olayotgan bolajonlar o‘z qiziqishlariga binoan raqs, ashula, sahna ko‘rinishlari, rasm chizish, shaxmat, shashka, stol tennisi, hunarmandchilik bo‘yicha tematik guruhlarga bo‘lingan holda, mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.

Bolalar uchun tashkil etilgan rasmlar tanlovi, stol tennisi va shashka bo‘yicha musobaqalar bayram ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tanlovlar jarayonida yosh iste’dod egalari o‘zlarining bo‘lajak kasblarini qanday tasavvur etishlarini va mamlakatimizda yosh avlod kamoloti uchun yaratilayotgan sharoitlarni namoyon etdilar, shuningdek, dunyoning qaysidir mamlakatida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan va mehnat qilishga majbur bo‘lgan bolajonlarga o‘z birdamliklarini bildirdilar.

Tanlov va musobaqalarda g‘olib bo‘lgan o‘g‘il-qizlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir so‘nggida oromgohda miriqib hordiq chiqarayotgan bolajonlar O‘zbekiston – baxtiyor bolalar mamlakati ekanligini idalagan holda, fleshmob tashkil qildilar.

Bu kabi bayramona tadbirlar respublikamizning boshqa hududlaridagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ham o‘tkazildi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari