[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

19.06.2025. O‘zbekistonda Kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Haftaligi doirasida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday muhim tadbirlardan biri — Xiva shahridagi “Arda Xiva” turistik majmuasida tashkil etilgan gala-konsert bo‘ldi. U O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashabbusi bilan amalga oshirildi.

Tadbirda sohada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari faol ishtirok etishdi. Gala-konsert orqali mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini va mehnat huquqlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari qanday hissa qo‘shayotgani hamda ularning madaniy hordiq chiqarishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar keng jamoatchilikka namoyon etildi.

Tadbirning asosiy maqsadlaridan biri — kasaba uyushmalari faoliyatini keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish, tashkilot a’zolari safini kengaytirish orqali xodimlarning ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirish, mehnat xavfsizligi va sog‘lom, barqaror ish muhitini ta’minlash, oilalarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Gala-konsertda milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar, raqslar, ijodiy chiqishlar namoyish etildi. Qator interaktiv o‘yinlar va ko‘ngilochar dasturlar mehnatkashlar hamda ularning yaqinlari uchun haqiqiy bayram muhitini yaratdi.

Yurtimizda mehnat insonlariga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganlaridek, “El aziz — inson aziz” g‘oyasi barcha sohalarda, jumladan mehnat munosabatlarida ham ustuvor tamoyilga aylandi. Bu jarayonda kasaba uyushmalari o‘z o‘rni va mas’uliyatini to‘la anglab, har bir a’zosining manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etmoqda.

Mazkur gala-konsert nafaqat bayramona muhit yaratishga, balki mehnat jamoalarida hamjihatlikni mustahkamlashga va kasaba uyushmalari faoliyatining ahamiyatini yoshlar hamda keng jamoatchilik orasida yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.