[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

20.06.2025. Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi birlashgan tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Alish kerakki, mazkur konferensiya ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda o‘tkazildi. Yetakchi Manzuraxon Akramova besh yil mobaynida tarmoq ishchi-xodimlari manfaatlari yo‘lida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi yangidan tashkil etilgan tarmoq bo‘lishiga qaramay, salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Eng avvalo, ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam ko‘rsatish, muammolarini hal etish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar bajarildi.

Kasaba uyushma oldiga katta maqsad va vazifalarni qo‘ygan. Shu bois a’zolar ishonchini ikki karra oqlash, qo‘mita nufuzini oshirishga jiddiy kirishildi. Olib borilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berdi. Qisqa fursat ichida a’zolar ishonchini qozonish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda sezilarli natijalar qayd etildi.

Hozirgi paytda tarmoq a’zolari soni 17 992 nafarni tashkil etadi. Ular kasaba uyushmalari tomonidan taqdim etilayotgan barcha imtiyozlardan foydalanib kelmoqda.

Keng targ‘ibot ishlari samarasida 243 ta korxona va tashkilotda kasaba uyushma tuzildi. U yerda faoliyat yuritayotgan 10 605 nafar ishchi-xodim kasaba uyushma himoyasiga olindi.

Tarmoq xodimlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ijtimoiy himoyalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 597 nafar ishchi-xodim farzandiga o‘quv qurollari tarqatildi. Shuningdek, ehtiyojmand 1 487 oilaga jami 500 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Ishchi-xodimlar salomatligiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shunga ko‘ra, 645 nafar xodim va ularning oila a’zolari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi.

Yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish maqsadida “Ekoturizm” aksiyasi, kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Yosh kitobxon” viktorinasi, talabalar uchun “Kasaba uyushma kubogi” doirasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari an’anaviy tus oldi.

Shuningdek, “Yaxshi dam — mehnatga hamdam” shiori asosida fidoiy ishchi-xodimlar uchun Xorazm, Samarqand, Toshkent va Buxoro kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirildi.

Kasaba uyushmasi yetakchisining hisobotini tinglagan delegatlar olib borilgan ishlarga yuqori baho berdilar.

Raislikka bo‘lib o‘tgan saylovda delegatlar bir ovozdan Manzuraxon Akramovani nomzodini qo‘llab-quvvatladilar va uni Farg‘ona viloyati birlashgan tashkilotiga rais etib sayladilar.

Konferensiyada Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Jamshid Aripov, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari — Turizm boshqarmasi boshlig‘i Xurshidjon Ahmedov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliev ishtirok etib, sohadagi yutuqlar va qo‘llab-quvvatlash ishlariga to‘xtalib o‘tdilar.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi