[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

20.06.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi saroyida mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi hamda Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat kengashi delegasiyasi vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash zarurki, Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat kengashi raisi Gi-Seob Kvon boshchiligidagi delegasiyaning tashrifidan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistondagi Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda bu borada mamlakatimizda to‘plangan boy tajribani o‘rganishdir.

Uchrashuvni O‘zbekiston kasaba uyushmari Federatsiyasi raisi, Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni hamda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarni yanada mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari respublika tashqi siyosatida, iqtisodiyoti, maorifi va madaniyatida alohida o‘rin tutishi e’tirof etildi.

Qayd etish zarurki, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) standartlariga muvofiq, milliy uch tomonlama ijtimoiy muloqot hukumat, xodimlar va ish beruvchilar tashkilotlari o‘rtasida mehnat sohasiga ta’sir ko‘rsatadigan jarayonlar, qonunlar va qarorlar bo‘yicha maslahatlashuvlar borasidagi  o‘zaro hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Samarali bandlikni ta’minlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini tartibga solish, gender tengligi va mehnat muhofazasini ta’minlash, jamoaviy mehnat nizolarini va ekologik mas’uliyatli iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish masalalarini hal etishda uch tomonlama ijtimoiy muloqot muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasining raisligi har uch yilda bir marta ijtimoiy sheriklik taraflaridan biriga o‘tadi. Bugungi kunda Respublika uch tomonlama komissiyasiga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raislik qilmoqda va bu davrda mehnat sohasini tartibga solishda uch tomonlama ijtimoiy muloqotni yanada rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, muayyan natijalarga erishildi. Xususan, ijtimoiy muloqot va jamoaviy muzokaralarni rivojlantirish bo‘yicha tumanlar, shaharlar va viloyatlar darajasida hududiy-tarmoq jamoa kelishuvlarini tuzish amaliyoti tiklandi, jamoa shartnomaviy hujjatlarga teng ahamiyatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng haq to‘lanishini ta’minlash mexanizmi joriy etilmoqda, tashkilotlarda gender auditi o‘tkazilmoqda. 2023 yilda barcha jamoa kelishuvlari va shartnomalari yangi Mehnat kodeksi va Bosh jamoa kelishuvi talablarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining yangi taxrirdagi Mehnat kodeksida Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasining vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, 25 dan ortiq holatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish Respublika uch tomonlama komissiyasi ishtirokida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Shu jumladan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori, mehnat shartnomalarining namunaviy shakllari, noqulay tabiiy-iqlim va turmush sharoitli hududlar ro‘yhati, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, kasbiy standartlarni ishlab chiqish tartibi, shuningdek, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish kabi masalalar yechimini topish Respublika uch tomonlama komissiyasi ishtirokida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Uchrashuv davomida mehmonlar mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan batafsil tanishtirildi.

Shuningdek, Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat Kengashi delegasiyasi vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari ijtimoiy sheriklar bilan birgalikda jamoa shartnomalari va kelishuvlarini tuzish amaliyotini takomillashtirish va samaradorligini oshirishda muayyan natijalarga erishgani, xususan, mamlakatimizda bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida tuzilgan Bosh jamoa kelishuvi, uning asosida tuzilgan 14 ta hududiy va 103 ta tarmoq jamoa kelishuvlari, tashkilotlar miqyosida esa turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar manfaatlarini qamrab oluvchi 127 mingdan ortiq Jamoa shartnomalari amal qilayotgani to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Mazkur hujjatlar asosida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida O‘zbekistonda to‘plangan tajriba bilan o‘rtoqlashildi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimidagi 31 ta sanatoriy va 100 ga yaqin bolalar sog‘lomlashtirish orosgohlari 7 million nafardan ortiq kasaba uyushma a’zolari va ularning oila a’zolari xizmatida ekanligi qayd etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning ijtimoiy muloqotni rivojlantirish borasidagi yutuqlari chet ellardagi turdosh tuzilmalarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bunga misol tariqasida Koreya Respublikasining Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat kengashini keltirish mumkin.

Uchrashuv davomida Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat Kengashi delegasiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida inson manfaatlarini ta’minlash va mehnatkashlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini, mamlakatimiz kasaba uyushmalari ham mazkur jarayonga hamohang ravishda davlat organlari va ish beruvchilar bilan ijtimoiy sheriklik asosida xodimlarning huquq va manfaatlarini samarali himoyalayotganini e’tirof etdilar. Shuningdek, O‘zbekistonda jamoa shartnomalari va kelishuvlari loyihalarini ularning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash maqsadida jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish, jamoa shartnomalarining ijtimoiy nafini hisoblash, shuningdek, yagona muzokara jarayoni qoidalarini joriy etish borasida olib borilayotgan ishlarga ijobiy baho berdilar.

O‘z navbatida mehmonlar Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat Kengashi xodimlar va ish beruvchilar tashkilotlari, hukumat va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadigan va mehnat, ishlab chiqarish, iqtisodiy, ijtimoiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazadigan ijtimoiy muloqot organi ekanligi, Janubiy Koreyada ijtimoiy muloqotning muzokaralar olib borish, jamoaviy muzokaralar yuritish, axborot almashish, maslahatlashuvlar o‘tkazish, to‘rt tomonlama muloqot kabi turlari qo‘llanilishi xususida ma’lumot berdilar.

Do‘stona va samiy ruhda o‘tgan anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasining Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyasi hamda Koreya Respublikasi Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat Kengashi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat kengash raisi Gi-Seob Kvon O‘zbekistondagi Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya  bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va o‘zaro fikr va tajriba almashish har ikkala tomon uchun ham foydali bo‘lganini alohida ta’kidladi. Bu borada o‘zaro tajriba almashinuvni yo‘lga qo‘yish orqali mehnatkashlar manfaatlarini himoyalash borasida ko‘plab ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish imkoniyatlari yaratilishini qayd etdi.

Shundan so‘ng “Ijtimoiy  muloqotni yanada rivojlantirish va  mustahkamlash” mavzusida qo‘shma seminar o‘tkazildi. Unda Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Von Do Yon, Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat Kengashi delegasiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari, Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi a’zolari bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi rahbarlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari raislari ishtirok etdilar.

Qo‘shma seminarda dastavval Iqtisodiyot va jamiyatda barqaror rivojlanish, unda ijtimoiy muloqotning ahamiyati mavzusida fikr va mulohaza almashildi. So‘ngra, Ijtimoiy muloqot orqali milliy raqobatbardoshlikni va mehnatni boshqarish munosabatlarini oshirishning namunali misollari, O‘zbekistonda ijtimoiy muloqot tahlili mavzularida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Gi-Seob Kvon boshchiligidagi Koreya Iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat Kengashi delegasiyasi vakillari Toshkent shahri,  Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi  sanoat korxonalari va boshlang‘ch kasaba uyushma qo‘mitalari, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar faoliyati bilan ham tanishdilar.

Dastlabki tanishuv ob’ekti poytaxtimizdagi “UZAUTO-INZI” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Bu yerda mehmonlar korxona rahbariyati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisi bilan muloqotda bo‘lib, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi va ish beruvchi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy muloqot tizimi, Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyati va ushbu lokal hujjat orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, mehnatini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Dastlabki tanishuv ob’ekti poytaxtimizdagi “UZAUTO-INZI” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Bu yerda mehmonlar korxona rahbariyati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisi bilan muloqotda bo‘lib, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi va ish beruvchi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy muloqot tizimi, Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyati va ushbu lokal hujjat orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, mehnatini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan so‘ng delegasiya vakillari Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan “UZTEX GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida bo‘lib, mazkur korxonada ijtimoiy muloqotni takomillashtirish, Jamoa shartnomasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kasaba uyushma qo‘mitasi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda kasaba uyushma qo‘mitasi va ish beruvchi ijtimoiy sherikligida mehnatkashlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishuv jarayoni delegasiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi. So‘ngra Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Toshkent viloyati hududiy uch tomonlama komissiyasi a’zolari bilan uchrashdilar.

Samarqand viloyatidagi tashkilotlar bilan tanishuv jarayonlari Samarqand shahar ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi – “KOICA” faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘lgan suhbatlardan so‘ng Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Samarqand viloyati hududiy uch tomonlama komissiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar shuningdek, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi  tarixiy obidalar, diqqatga sazovor maskanlar va kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylar bilan ham tanishtirildi. Xususan, poytaxtimizdagi Amir Temur muzeyi, Mirobod bozori, “Magic city” parki  va “Seoul moon” maskanida bo‘ldilar.

Samarqand viloyatida esa Amir Temur va Xo‘ja Doniyor maqbaralari, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi kabi tarixiy maskanlar, Afrosiyob muzeyi bilan tanishdilar. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Sevarsoy” sanatoriysi faoliyati bilan tanishib, ushbu sihatgohda dam olib, salomatligini mutahkamlayotgan mehnatkashlar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari