[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

26.06.2025. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati hududiy bo‘linmasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu muhim anjuman viloyatdagi ta’lim va fan sohasi xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tgan besh yillik faoliyatni tahlil qilish hamda kelgusidagi strategik vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlandi.

Anjumanda Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov, Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzodjon Dolimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi vakillari va delegatlar ishtirok etdilar.

Konferensiyada tarmoqning 2020 yildan 2025 yil iyuliga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ul tashkilotchi Lolaxon Ahmedovaning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyat tashkiloti tarkibida jami 2025 ta boshlang‘ich tashkilot mavjud bo‘lib, ularda kasaba uyushmasi a’zolarining soni 217 438 nafarni tashkil etadi.

Jamoa shartnomalari orqali yil mavzusiga muvofiq ravishda pedagog xodimlar manfaatini ko‘zlab, qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilmoqda.

Shartnomalarda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun 2020 yilda har bir xodimga o‘rtacha 2009,7 ming so‘m sarflangan bo‘lsa, 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 8198,7 so‘mni tashkil etdi.

Ta’lim tizimida samarali mehnat qilayotgan o‘qituvchilar va faxriy ustoz-murabbiylar doimiy e’tiborda. Jonkuyar ustozlarning 250 nafari “Oqtosh”, “Kosonsoy” va “Chimyon” sihatgohlarida salomatliklarini tiklash uchun bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlandi.

Yolg‘iz keksalar, nogironlar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Yangi o‘quv yili arafasida esa ehtiyojmand oilalar farzandlariga maktab anjomlari topshirish an’anaga aylandi.

Faol xodimlar alohida rag‘batlantirilmoqda. Xususan, fidoyi ustozlardan 1120 nafar xodim Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohatga yuborildi. Yana 5230 nafar xodim vodiy bo‘ylab so‘lim go‘shalarda dam oldi.

Umuman, barcha amalga oshirilgan ishlar kasaba uyushmasi a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va ularning manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga qaratildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan hisobot yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida Lolaxon Ahmedova O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘linmasining Raislar kengashi raisi etib tasdiqlandi.