09.07.2025. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda Respublika kengashi mas’ullari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida o‘rganish olib borildi. Ushbu o‘rganish quyidagi institutlarning boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarini qamrab oldi:
Umumiy va noorganik kimyo instituti.
O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
Sharqshunoslik instituti.
Botanika instituti.
Milliy arxeologiya markazi.
O‘rganishdan asosiy maqsad — ushbu boshlang‘ich tashkilotlarda kasaba uyushmasi faoliyatining Ustav talablari asosida to‘g‘ri tashkil etilganligini tahlil qilish va ilmiy xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlarini baholashdan iborat bo‘ldi.
Jarayon davomida ish yuritish hujjatlari, jamoa shartnomalarining bajarilishi, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish ishlari hamda mehnatni muhofaza qilish holati kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar va yo‘l qo‘yilgan xatolarni bartaraf etish yuzasidan boshlang‘ich tashkilotlarga amaliy va metodik yordam ko‘rsatildi. Bunday o‘rganishlar tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishga, a’zolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirish hamda ilm-fan xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.