[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

10.07.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev, H. Xudoyberdieva nomidagi ijod maktabi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Pokiza Axmedjanova, kasaba faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda delegatlar ishtirok etdi.

– Kasaba uyushmalari xalq bilan davlat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylandi. – dedi anjuman ishtirokchilarini muborakbod etarkan Erkinjon Turdimov, – avvalgi kasaba uyushmasi bilan hozirgisining farqi nihoyatda katta. Bu tashkilot sharofati bilan sanatoriylarda dam olayotgan oddiy odamlar va bolalari oromgohlarda sog‘lomlashayotgan kamxarj ota-onalarning xursandchiligi cheksiz. Viloyat bo‘yicha “Ayollar daftari” tizimi 5 bosqichda jami 72 259 nafar xotin-qizlar muammolari hal etilishida kasaba uyushmasining ishtiroki beqiyos.

100 nafar delegatdan 98 nafari ishtirok etgan konferensiyada viloyat kengashining 2020–2025 yillarga oid hisoboti hamda viloyat kasaba uyushmalari navbatdagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi. Kengash taftish komissiyasining faoliyati to‘g‘risidagi axborot ham eshitildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi raisi Rustambek Turdunmurodov hisobot qildi:

«Asosiy e’tibor boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari va tuman hamda shahar kengashlari nufuzi va salohiyatini ko‘tarishga qaratilmoqda. Bugungi kunda kengash tizimidagi 1 392 ta boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti 198 591 nafar a’zoni birlashtirgan».

Fevral’ va mart oylarida barcha boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari hamda birlashgan kasaba uyushmalarida hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalar o‘tkazildi. Ularda jami 67 735 nafar ishchi-xodimlar ishtirok etdi. Yangi saylangan 266 nafar boshlang‘ich tashkilot raislarining 40 %ini ayollar tashkil etdi.

Anjuman ishtirokchilari olti yil davomida kasaba uyushmalari amalga oshirgan ishlar ko‘lami bilan tanishdilar. Konferensiyada kelgusi vazifalar ham batafsil muhokama qilindi.

Delegatlar tomonidan kengash raisi vazifasiga ikki nomzod taklif qilindi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda 98 nafar delegatdan 93 nafari Rustambek Turdunmurodovni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, ko‘pchilik ovoz bilan Oybek Ashurmatov va Bahodir Hamidjonov rais o‘rinbosarlari etib saylandi.

Anjumanda O‘KUF Qurultoyiga delegatlar ham saylandi.