14.07.2025. Namangan viloyatida hozirgi kunda 2 365 ta tashkilot kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lib, ular orqali 500 mingga yaqin ishchi-xodim qamrab olingan.
O‘zKUF Namangan viloyati Kengashining katta majlislar zalida IX hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari Anvarjon Abdumuhtorov hamda O‘zKUF bosh yuristi, yuridik bo‘lim mudiri Hamidilla Premqulov ishtirok etib, konferensiya qatnashchilarini samimiy qutlashdi.
Viloyat rahbari so‘zida keyingi yillarda yurtimizda inson qadri ustuvor bo‘lgan islohotlar natijasida kasaba uyushmalarining jamiyatdagi o‘rni va ta’siri sezilarli darajada kuchayganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda qayd etilganidek, 2025 yil kasaba uyushmalari faoliyatida muhim bosqich bo‘lib, bu yil kengashning nafaqat besh yillik faoliyati sarhisobi, balki harakatning 120 yilligi ham keng nishonlanmoqda.
Konferensiya davomida kengash raisining besh yillik faoliyati bo‘yicha hisoboti tinglandi. So‘ngra 125 nafar delegat yashirin ovoz berish yo‘li bilan Namangan viloyati kengashi raisini va uning o‘rinbosarini sayladilar.
Saylov natijalariga ko‘ra, Namangan viloyati kengashi raisi lavozimiga Xasanboy Ibrayimovich Xojaev, kengash raisi o‘rinbosari lavozimiga Qosimjon Tursunalievich Xolboev saylandi.