[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

18.07.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov, O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining o‘rinbosari Abdug‘affor Salixov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri o‘rinbosari Jahongir Ixtiyarov, kasaba uyushmalari faxriylari hamda delegatlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi yig‘ilganlarni konferensiya ishi bilan qutladi. Kasaba uyushmalari viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.

Hisobot va amaliy ishlar tahliliga bag‘ishlangan konferensiyada 2020–2024 yillarda viloyat kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Kengash raisi Erkinjon Nuralievning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 5 ming 125 ta korxona, tashkilot va muassasalarda kasaba uyushmasi xizmati tashkil etilib, ularda mehnat qilayotgan 181 ming 31 nafar xodimlar a’zolikka qabul qilinishiga erishilgan.

Ayni paytda, viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida qariyb 700 ming nafardan ziyod a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Xususan, hisobot davrida 2 ming 269 nafar xodimlarning huquq va manfaatlari tiklanib, ish haqi va boshqa to‘lovlar uchun 17 millard 794 million so‘m mablag‘ undirilishiga erishildi.

Viloyatda so‘nggi yillarda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 2 ta muhtasham va zamonaviy “So‘x” va “Bilimdon” oromgohlari qurildi. Ushbu oromgohlarda har yili mavsumda ming nafardan ziyod bolajonlar maroqli dam olishmoqda.

Shuningdek, 35 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila a’zolari sanatoriylarda sog‘lomlashtirilib, ulardan 12 ming 903 nafari imtiyozli va 1 ming 56 nafari bepul yo‘llanmalar asosida o‘z salomatliklarini tikladilar. Bundan tashqari, 42 mingdan ortiq bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilgani, 97 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila a’zolari respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari tashkillangani ham bu boradagi ishlar ko‘lamining kengligidan dalolat beradi.

Hisobot davrida 82 ming nafardan ziyod xodimlarning madaniyat muassasalari – teatr, konsert muzey va ko‘rgazma zallari, kinoteatrlarga tashrifi uyushtirildi.

Keyingi yillarda sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston kasaba uyushmalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi natijasida so‘nggi yillarda qo‘shni mamlakatlardan 50 nafardan yoshlarning viloyatimizdagi oromgohlarda dam olishi an’ana tusini oldi.

Bundan tashqari, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida mutasaddi boshqarmalar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda 400 mingdan ortiq opa-singillarimizning muammolarini ijobiy hal etishda kasaba uyushmalari davlatimizga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqanini e’tirof etish joiz.

Konferensiyada so‘z olganlar tomonidan mazkur konferensiya ham viloyat kasaba uyushmalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim poydevor bo‘lishi ta’kidlandi.

Konferensiyada taftish komissiyasi faoliyati haqida ham axborot berildi. Shundan so‘ng, kelgusi besh yillik faoliyat uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Anjumanda viloyat kengashi raisi lavozimiga ikki nomzod ko‘rsatildi. Muqobillik va yashirin ovoz berish asosida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra amaldagi rais Erkinjon Nuraliev yana besh yillik muddatga rais etib saylandi. Shuningdek, Lolaxon Ahmedova va Abror Otaboevlar viloyat kengashi raisi o‘rinbosarlari lavozimiga saylandilar.

Anjuman yakunida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qurultoyida ishtirok etuvchi delegatlar ham saylandi.

Shohsulton To‘xtamatov

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslaxatchisi