24.07.2025. Joriy yilning 23 iyul’ kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining majlislar zalida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi 16‑majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi R. Bedilov olib bordi. Unda Respublika kengashi rahbariyati, apparat xodimlari, Ijroiya qo‘mitasi a’zolari hamda hududlar bo‘yicha mas’ul tashkilotchilar ishtirok etdilar. Majlis davomida kun tartibiga kiritilgan bir qancha muhim masalalar, jumladan tizim faoliyatini takomillashtirish, xodimlarning ijtimoiy‑iqtisodiy himoyasini kuchaytirish va kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilishning rasmiy qismidan so‘ng tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Dastlab, «Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan Respublika ko‘rik‑tanlovi» yakunlari sarhisob qilindi. Tanlovda yuqori natijalarni qayd etgan g‘oliblarga Respublika kengashining diplomlari hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Ushbu taqdirlash marosimi mehnat muhofazasi kabi muhim yo‘nalishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir isboti bo‘ldi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi bilan xayrlashuv marosimi o‘tkazildi. Ushbu mas’ul xodim O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisiga o‘rinbosar etib saylanganligi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Respublika kengashi raisi R. Bedilov uning ko‘p yillik samarali faoliyatini e’tirof etib, kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Unga Respublika kengashining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘asi topshirilib, iliq so‘zlar va yuksak ehtirom bilan yangi mas’uliyatli lavozimga kuzatib qo‘yildi.
Bir kunda ham muhim qarorlar, ham taqdirlash va ehtirom marosimlarini o‘zida jamlagan ushbu tadbir kasaba uyushmasi tizimidagi hamjihatlik va inson qadrini ulug‘lash tamoyillarining yorqin namunasi bo‘ldi.