[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

29.07.2025. O‘zbekiston hududida qadimdan ko‘plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib keladi. Xalqimiz hayotida millatlararo bag‘rikenglik chuqur tarixiy ildizlarga ega. Milliy, madaniy xayrixohlik o‘zbek xalqining o‘ziga xos fazilatiga aylangan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda “30 iyul’ — Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan 2025 yil 29 iyul’ kuni Samarqand shahridagi “Do‘stlik” uyida viloyatimizdagi turli millat va elat milliy madaniyat markazlari rahbarlari va vakillari ishtirokida ochiq muloqot uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi Suxrob Rafikov ochib berdi. O‘z so‘zida mamlakatimizda millatlararo do‘stlik muhiti va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, shuningdek, kasaba uyushmalari tizimidagi so‘nggi yillarda olib borilayotgan ishlar hamda kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik tarixi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda milliy-madaniy markazlar faollari faol ishtirok etishdi. Turk milliy-madaniy markazi raisi Sobir Rasulov so‘zga chiqib, markazning viloyat kasaba uyushmalari kengashi bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirgan ishlari, jumladan, Turkiya davlatlarining kasaba uyushmalari delegasiyasini Samarqand shahriga tashrifi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, “Polonez” polyaklar milliy-madaniy markazi raisi, viloyat kengashi deputati Tatarenko Tamara Pavlovna ham so‘zga chiqib, Xalqlar do‘stligi — umuminsoniy qadriyatlar va birdamlik tamoyillariga asoslanishini ta’kidladi.

Ochiq muloqot yakunida Samarqand viloyatida yashab, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, urf-odat va an’analarni asrash hamda ularni keng targ‘ib etishga o‘z hissasini qo‘shayotgan jamoat tashkilotlari vakillariga “30 iyul’ — Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan Xorazm viloyatiga 3 kunlik bepul sayohat sertifikatlari topshirildi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuv samimiy va savol-javoblarga boy ruxda o‘tdi hamda kelgusidagi hamkorlik vazifalari belgilab olindi.