31.07.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va unga a’zo bo‘lgan tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan ishlovchilarning mehnat huquqlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni kasaba uyushmalariga aholidan kelib tushayotgan murojaatlar va ularning ijobiy hal etilayotgani to‘g‘risidagi faktlar ham ko‘rsatib turibti.
Xususan, yaqinda “Hududiy elektr tarmoqlari” Aksiyadorlik jamiyatining Samarqand hududiy filialida vujudga kelgan muammo va kasaba uyushmalari tomonidan uning ijobiy hal etilganini misol qilib keltirish mumkin. yechimiholat misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
2025 yilning iyun’ oyi boshida “Hududiy elektr tarmoqlari” Aksiyadorlik jamiyatining Samarqand hududiy filialida ishlovchi 348 nafar xodim ishdan ozod etilib, “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” Aksiyadorlik jamiyatining Samarqand Milliy elektr tarmoqlari filialiga ishga qabul qilindi. Biroq, avvalgi ish joyidan ularning yakuniy hisob-kitob puli hamda foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun kompensasiya to‘lovlari amalga oshirilmagani ishchilarning noroziligini keltiritb chiqardi. Ushbu muammoni qonuniy hal etishda amaliy yordam so‘rab mehnatkashlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ishonch telefoni orqali jamoaviy murojaat bilan chiqdilar.
Murojaat yuzasidan 2025 yilning 10 iyul’ kuni O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Mehnat inspeksiyasi mas’ul xodimlari Boburmirzo Abdullaev va Alisher Imomov joyiga chiqib, ishchi-xodimlar bilan uchrashdilar va ochiq muloqotlar o‘tkazdilar. Yuzaga kelgan muammo chuqur o‘rganilib, 300 nafardan ortiq xodim bilan muloqotlar chog‘ida ularning savollariga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida xodimlarni “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” Aksiyadorlik jamiyatining Samarqand magistral elektr tarmoqlari filiali tarkibiga o‘tkazishda mehnat qonunchiligiga rioya etilmagani, ish beruvchi tomonidan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq yakuniy hisob-kitob to‘lovlari hamda foydalanilmagan ta’til puli berilmagani aniqlandi.
Shundan so‘ng tarmoq kasaba uyushmasi Mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilgan holda ish beruvchiga rasmiy ko‘rsatma xati kiritildi. Natijada ish beruvchi barcha xodimlar bilan qaytadan kelishuv shartnomalarini rasmiylashtirdi va yakuniy hisob-kitob ishlarini amalga oshirdi. Shuningdek, mehnatkashlarga ta’til uchun kompensasiyalarni to‘lash bo‘yicha buyruqlar ham chiqarildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi sa’y-harakatlari bilan 344 nafar ishchi-xodimning mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga jami 4 milliard 647 million so‘m to‘lov pullari undirib berildi.
Shu bilan birga qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” Aksiyadorlik jamiyatining Samarqand hududiy filiali Yuridik hamda Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘iga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish bo‘yicha rasmiy taqdimnoma ham kiritildi.
Bir korxonada yuzaga kelgan ushbu muammo Kasaba uyushmalari sa’y-harakatlari natijasida ijobiy hal etilib, 344 nafar xodim va ular ortida turgan minglab oila a’zolariga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shu bois, ishchi-xodimlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmasi Mehnat inspeksiyasi inspektorlari nomiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, tashakkurnomalar yo‘llamoqdalar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati