13.08.2025. 2025 yil 12 avgust kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish institutida O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasining VIII Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida xalq farovonligini oshirish yo‘lida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida mamlakatimizda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu jarayonda mamlakatimizning eng yirik jamoat tashkiloti — kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib kelmoqda. Keyingi yillarda «Yangi O‘zbekiston»ning «Yangi kasaba uyushmalari» shakllanib, islohotlarning faol ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida so‘nggi hisobot-saylov kampaniyasi 2020 yilda o‘tkazilgan edi. Tarmoq kasaba uyushmasi Ustavida barcha darajadagi organlar vakolat muddati 5 yil etib belgilangani sababli, 2025 yilda navbatdagi hisobot-saylovlar o‘tkazildi.
Hisobot-saylov yig‘ilishlari davomida faoliyat natijalari tahlil qilindi, mavjud muammolar va kamchiliklar ko‘rib chiqildi hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. VIII Qurultoy ham tarmoq kasaba uyushmalari faoliyatini muhokama qilish, yangi vazifalarni belgilash va rahbar organlarga nomzodlarni saylashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Q.Qirg‘izaliev, Federatsiya bosh yuristi X.Premqulov, «Uzautosanoat» AJ boshqaruv raisi U.Rozuqulov, «Uzeltexsanoat» uyushmasi boshqaruv raisi M.Yunusov, yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, delegatlar, mehnat faxriylari, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Qurultoyda «2020–2025 yillardagi faoliyat va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida milliy taraqqiyotning yangi bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari» mavzusida hisobot-ma’ruza tinglandi. Delegatlar va mehmonlar mazkur hisobotga tayangan holda Respublika Kengashi faoliyatini qoniqarli deb baholadilar va taftish komissiyasi hisobotini tasdiqladilar.
Saylovlar yakunida Respublika Kengashi raisi va o‘rinbosarlari muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Shuningdek, taftish komissiyasi raisi, Kengash va Ijroiya qo‘mita a’zolari, Federatsiyaning IX Qurultoyiga delegatlar hamda Federatsiya bosh Kengashi tarkibiga vakillar belgilandi.
VIII Qurultoy ko‘tarinki ruhda, ishtirokchilarning tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan o‘tdi.