14.08.2025. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Samarqand viloyatida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi va viloyat soliq boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i F. Babaev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi raisi S. Rafikov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira X. Bobomurodova hamda soliq tizimi xodimlari ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, shaffoflik va samaradorlikni oshirish borasidagi yutuqlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
O‘z nutqida S. Rafikov kasaba uyushmalari harakatining tarixiy ahamiyati, uning 120 yillik faoliyati mobaynida yurtdoshlar manfaatlari yo‘lida amalga oshirgan ishlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat muhitini yaxshilash, ijtimoiy himoya va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi.
S. Rafikov ta’kidlaganidek, kasaba uyushmalari faqatgina xodimlar manfaatini himoya qiluvchi tashkilot emas, balki mehnat jamoalarida hamjihatlik va barqarorlikni ta’minlovchi, har bir insonning hayoti va mehnatini qadrlaydigan muhim ijtimoiy institutdir.
Tadbir doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi tomonidan chop etilgan “Yangi O‘zbekiston – Yangi kasaba uyushmalari” faoliyat sarhisobi kitobi viloyat soliq boshqarmasiga taqdim etildi.
Shuningdek, soliq organlarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarga Xorazm viloyatiga tashkil etiladigan bepul sayohatlarda ishtirok etish uchun sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.