15.08.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tashabbusi bilan joriy yilda birinchi marta kasaba faollariga saylangan 50 nafar yoshlarning Xorazm viloyatiga safari uyushtirildi.
Safarning maqsadi — kasaba uyushmalari tizimidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishish, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, vohadagi tarixiy obidalar va zamonaviy inshootlarni ziyorat qilish.
Safar doirasida delegasiya a’zolari Xorazm viloyati kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Xorazm viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Kamoljon Bekjonov, ASM xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Xorazm viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Shavkat Safarboev va boshqalar so‘zga chiqib, kasaba uyushmalari oldida turgan dolzarb vazifalar, mehnatkashlarni himoya qilish hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi faol ishtirok haqida ma’lumot berishdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan so‘nggi besh yillik faoliyatga bag‘ishlab tayyorlangan tahliliy kitob Xorazm viloyati kengashiga tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng samarqandlik yosh faollar Shovot tumanidagi Yusuf Hamadoniy majmuasini ziyorat qildilar. Xiva shahridagi Ichan Qal’a majmuasiga sayohat barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Safar doirasida “Xorazm palas” mehmonxonasidagi maroqli hordiq, xorazm milliy taomlari va kuy-qo‘shiqlari ishtirokchilar uchun yodgor lahzalar ulashdi.
Baxtiyor Ismailov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi