[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

21.08.2025. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jamiyatda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratish muhim siyosiy tamoyillardan biriga aylanmoqda.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Qonunga muvofiq jami 5 ta vazirlik va ularning tuzilmaviy tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazildi hamda natijalar asosida tahliliy ma’lumotlar tayyorlanib, belgilangan muddatlarda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasiga taqdim etildi.

O‘tkazilgan tahlillar natijasida mavjud uslubiyatni zamonaviy va xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, audit jarayonidagi yondashuvlarni yanada takomillashtirish hamda uni institusional darajada ishonchli va tizimli mexanizmga aylantirish zarurati yuzaga keldi.

Shundan kelib chiqib, Respublika komissiyasi majlisining 2025 yil 26 maydagi 14-sonli bayonnomasi bilan genderga oid auditni yanada samarali tashkil etish va uning natijadorligini oshirish maqsadida Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni o‘tkazishning yangi tahrirdagi Uslubiyati tasdiqlandi.

Uslubiyatda genderga oid auditni nafaqat Respublika tashkilotlarida, balki hududiy, tuman (shahar) va tashkilotlar miqyosida o‘tkazish, shuningdek, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari ijtimoiy sherik boshqaruv organlari bilan hamkorlikda quyi tizimgacha genderga oid audit o‘tkazish va muvofiqlashtirish uchun belgilangan muddatlarda axborot va takliflarni Federatsiyaga taqdim etib borishi kabi qator vazifalar belgilangan.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tarmoq respublika kengashlari, ularning ijtimoiy sherik organlari va hududiy kengashlar xodimlaridan iborat tarkibda tashkil etilgan genderga oid auditorlar guruhlari uchun joriy yil 19 avgust kuni yangi tahrirdagi Uslubiyat mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.

Mazkur seminarda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari va hududiy kengashlar mas’ul xodimlari, vazirliklardan auditorlar guruhi a’zolari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Ular tomonidan Uslubiyatda belgilangan vazifalar, auditni tashkil etish mexanizmlari hamda xalqaro tajribaga asoslangan yondashuvlar mavzulari keng muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida seminar amaliy tarzda o‘tkazildi. Kichik guruhlarga bo‘linib tashkil etilgan mashg‘ulotlarda auditorlar guruhlari a’zolari genderga oid auditning mazmun-mohiyati bilan yanada chuqurroq tanishtirildi.

Unda so‘z olgan Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi Nargiza Mirjalolova shunday dedi: “Ushbu seminar orqali biz o‘zimizga kerakli ma’lumotlarni hamda qiziqtirgan savollarimizga javoblarni oldik. Ayniqsa, genderga oid audit o‘tkazilishi rejalashtirilgan vazirliklar uchun oldindan batafsil tushunchalar olinishi yaxshi natijalarga erishishimizga xizmat qiladi. O‘ylaymanki, bugungi tadbir men kabi barcha ishtirokchilar uchun manfaatli bo‘ldi”.

Seminar yakunida ishtirokchilar bilan savol-javoblar o‘tkazildi, ularning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi hamda ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan kelishib olindi.