[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

19.09.2025. AQSh Kongressining eng yirik va muhim ofis majmualaridan biri – “Rayburn House Office Building” binosida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoev yo‘li” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirning mazkur majmuada tashkil etilgani ushbu taqdimotga bo‘lgan yuqori e’tibor va siyosiy ahamiyatni yanada oshirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi muloqotning eng yuqori institusional darajada mustahkamlanayotganidan dalolat bermoqda.

Taqdimotda Amerika tomonidan 70 dan ziyod mehmonlar – Davlat departamenti, Kongress xodimlari, yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, biznes, ilm-fan, madaniyat va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Rasmiy qismni O‘zbekistonning AQShdagi Elchisi Furqat Siddiqov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev ochib berdi.

Ular o‘z nutqlarida Prezident Sh.M.Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarning yangi davri amalga oshirilayotganini ta’kidlab, mazkur kitob ushbu taraqqiyot yo‘lini o‘zida tahliliy aks ettirganini qayd etdi.

Shuningdek, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi birinchi o‘rinbosari, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov hamda senator Husan Ermatov so‘zga chiqib, hozirgi kundagi islohotlar tizimli va qamrovli tusga ega ekanini, ular mamlakatning mutlaqo yangi qiyofasini shakllantirayotganini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilariga kitobning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Kitob muallifi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov haqida xorijiy mehmonlarga ma’lumot berildi. Kitobda Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan so‘nggi sakkiz yilda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va bosqichlari yoritilgan bo‘lib, ularning mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanishiga ta’siri tahlil qilingan.

Shuningdek, so‘zga chiqqan AQShning yetakchi akademik almashinuv muassasalaridan biri hisoblangan “American Councils” prezidenti Liza Choat o‘z nutqida Prezident Sh.M.Mirziyoev siyosatining asosiy tamoyili ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda ushbu sohada misli ko‘rilmagan institusional va qonunchilik tizimidagi o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida xalqaro akademik almashinuvi sifat jihatdan yangi bosqichga chiqqanligini aytib o‘tdi.

“Caspian Policy Center” tahliliy markazi ijrochi direktori Efgan Nifti o‘z chiqishida kitob O‘zbekistondagi islohotlar mohiyatini chuqurroq anglash imkonini berayotganini qayd etdi.

U O‘zbekiston Rahbarining demokratik institutlarni mustahkamlash va faol tashqi siyosat yuritishga qaratilgan sa’y-harakatlari mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, mintaqaviy hamkorlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“Amerika – O‘zbekiston Savdo palatasi” ijrochi direktori Yelena Son o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilgan keng qamrovli o‘zgarishlarni alohida e’tirof etdi. “Biznes muhitini liberallashtirish, investisiyalar jalb qilish, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, yuqori qiymatli mahsulotlar eksportini kengaytirish kabi sa’y-harakatlar milliy iqtisodiyotga yangi nafas bag‘ishladi va uni jahon bozoriga integratsiyalashuvini tezlashtirdi”, – deb urg‘uladi.

Bu esa Amerika kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotganini, xususan, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va aviasiya sohalarida loyihalarga qiziqish ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

“Boeing” aviaqurilish korporatsiyasining sotuvlar bo‘yicha direktori Mario Ebkim O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

U Prezident tomonidan transport infratuzilmasini modernizasiya qilish va aviasiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan harakatlar yangi loyihalarni amalga oshirish, aviaparkni yangilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun katta imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.

«Diplomatic Watch» tahliliy jurnali ijrochi direktori Vinsent Gotevbe Prezident Sh.M.Mirziyoev tomonidan yoshlar siyosatiga berilayotgan ustuvor ahamiyatni yuqori baholadi. Uning fikricha, O‘zbekistonda yoshlar davlatning strategik zaxirasi sifatida ko‘rilmoqda va ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ishonch bilan qarashga asos yaratadi.

Taqdimot doirasida AQSh rasmiylari, ekspertlar va biznes vakillari ishtirokida mazmunli muloqot ham bo‘lib o‘tdi. Ular O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati va ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Kitobning elektron nusxalari Kongress, tahliliy markazlar hamda Vashingtondagi siyosiy qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir ko‘rsata oladigan doiralarga keng tarqatildi.

Tadbir shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi ijobiy imijini yanada mustahkamlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali ommaviy diplomatiya namunasi sifatida baholandi.

AQSh Kongressi binosida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoev yo‘li” kitobining taqdimoti davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qilish va yuqori baholash uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.