[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

23.09.2025. Joriy yilning 18–21 sentyabr’ kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar oromgohida “O‘zbekneftgaz” tizimidagi tashkilotlarda mehnat qilayotgan yoshlar ishtirokida “Yashil iqtisodiyot va energetika taraqqiyoti uchun g‘oyalar” shiori ostidagi “Neft-gaz yoshlari forumi-2025” bo‘lib o‘tdi.

Forumda tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlardan kelgan 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi, bu esa tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.

Dastlab, forumning birinchi kuni ochilish marosimi o‘tkazilib, ishtirokchilar 16 ta guruhga bo‘lindi va tanishuv tadbirlari tashkil etildi.

Forumning ikkinchi kunida “Yosh avlodga – saboq, tabiatga – ehtirom, yashil kelajakka – qadam!” shiori ostida eko-marafon o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida futbol, voleybol, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha saralash va yarim final bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng dasturning kechki qismida ishtirokchilar uchun “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Qizg‘in bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tgan intellektual o‘yin yoshlarda katta taassurot qoldirib, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga turtki bo‘ldi.

Forumning uchinchi kunida jamoalar o‘rtasida sport musobaqalarining final bosqichlari o‘tkazildi.

Dastur doirasida yoshlar o‘rtasida seminar-treninglar va “Quvnoq sahna” KVN jamoasi chiqishi tashkil etildi.

Shuningdek, “Neft-gaz yoshlari forumi-2025” dasturi doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi U. Mamatqulov, “Sho‘rtan GKM” MChJ bosh direktori Sh. Aslanov, “Uzbekistan GTL” MChJ rahbari A. Bahadirov va “Sho‘rtan NGQChB” direktori Z. Nematovlar yoshlar bilan ochiq muloqot qilishdi.

Ochiq muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Uchrashuvda yoshlar “Korxonam ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shaman” mavzusida tayyorlagan taqdimotlari bilan ishtirok etdi va yangi g‘oyalarini taqdim qilishdi.

Kunning so‘ngida ishtirokchilar uchun gulxan atrofidagi oqshom, madaniy dastur va salyutlar marosimga o‘zgacha zavq bag‘ishladi hamda yoshlarga quvonch ulashdi.

Dastur yakunida forumda faol ishtirok etgan bir guruh yoshlarga “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.