26.09.2025. Nurafshon shahar “Nuroniylar maskani”da O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi hamda “Zakovat” intellektual klubi nodavlat-notijorat tashkiloti hamkorligida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Intellektual o‘yin ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarga o‘z intellektual salohiyatlarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh ishchi-xodimlar o‘rtasida o‘tkazildi.
O‘yin davomida jamoalar mantiqiy savollar, kasaba uyushmalari faoliyati va tarixiga doir 24 ta savolga javob izlashdi.
Intellektual o‘yinda g‘oliblik “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning “OKMK” jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa 42219-son harbiy qismning “Temur vorislari” hamda “O‘zbekko‘mir” AJning “Konchilar” jamoalari egalladi.
G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.