07.10.2025. 7 oktyabr’ kuni O‘zbekistonda Butunjahon munosib mehnat kuniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbir «Munosib mehnatni ta’minlovchi demokratiya uchun» shiori va «Munosib mehnat – munosib hayot asosidir» mavzusi ostida tashkil etildi. Unda kasaba uyushmalari va hamkor tashkilotlar vakillari, davlat idoralari mas’ullari, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti hamda Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi vakillari onlayn tarzda qatnashdi. Jami 100 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Seminarning asosiy maqsadi – munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, demokratik tamoyillarni mustahkamlash va profsoyuzlar faoliyati samaradorligini oshirishdir. Tadbir doirasida mehnat huquqlari, xalqaro standartlar, mehnat xavfsizligi va gigienasi, raqamli transformasiya davrida yoshlar uchun imkoniyatlar kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Muhokamalar jarayonida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
kasaba uyushmalarida demokratiyani ta’minlash vazifalari;
XMTning ACTRAV byurosi faoliyati;
xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda profsoyuzlar roli;
yoshlar va munosib mehnat imkoniyatlari raqamli davrda;
2025 yil uchun Butunjahon munosib mehnat kuni shiori.
Har yili 7 oktyabr’ kuni dunyo bo‘ylab Butunjahon munosib mehnat kuni (World Day for Decent Work) nishonlanadi. Ushbu kun 2008 yildan boshlab Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi (ITUC) tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Birinchi marotaba u 130 dan ziyod mamlakatda 50 millionga yaqin insonni birlashtirgan.
Kunning asosiy da’vatlari:
har bir inson xavfsiz va munosib mehnat sharoitiga ega bo‘lishi;
adolatli ish haqi va mehnat huquqlarini himoya qilish;
barqaror ish o‘rinlari va ijtimoiy kafolatlar yaratish;
ayollar va yoshlarning huquqlarini ta’minlash.
Munosib mehnat — bu ish o‘rniga ega bo‘lishdan tashqari, inson qadri, xavfsizligi, tengligi va adolatini ta’minlaydigan mehnat sharoitidir. Bugungi kunda dunyoda millionlab insonlar hanuz xavfli mehnat sharoitida ishlamoqda.
Seminar ishtirokchilari munosib mehnatni ta’minlash va demokratik qadriyatlarni rivojlantirish borasida hamkorlikdagi ishlar davom ettirilishini ta’kidlab o‘tdilar.