[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

07.10.2025. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Butunjahon munosib mehnat kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Munosib mehnat xaftaligi” doirasida “Munosib mehnat – munosib hayot asosidir” mavzuida videokonferens aloqa formatidagi seminar o‘tkazildi.

Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi tashabbusi bilan dunyoning barcha mamlakatlarida nishonlanadigan Butunjahon munosib mehnat kuniga bag‘ishlangan mazkur tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi ekspertlari, bir qator vazirlik va idoralar, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari, Malaka oshirish instituti o‘quv kursidagi tinglovchilar ishtirok etdilar.

Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi 9 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barcha sohalarda bo‘lganidek, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Buning natijasida odamlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni munosib ish joyi bilan ta’minlash, daromadlarini oshirish, turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha sa’y-harakatlar har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilmoqda.

Barchamizga ma’lumki bugungi kunda dunyo miqyosida raqamli texnologiyalar, avtomatizasiya, robotizasiya, sun’iy intellekt kabi o‘zgarishlar shiddat bilan mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Buning natijasida yutuqlar bilan birgalikda o‘ziga yarasha muammolar ham yuzaga kelmoqda. Shu bilan bir qatorda raqamli texnologiyalar rivojlangan sari platformali bandlik ham kengayib bormoqda.

Munosib mehnat nafaqat ijtimoiy adolat tamoyillarini balki iqtisodiyotning barqaror o‘sishi va rivojlanishini, jamiyatda manfaatlar uyg‘unligini ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda munosib mehnatni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda xalqaro mehnat standartlari hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Hukumat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tashkilotlari o‘rtasida konstruktiv ijtimoiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida muntazam ravishda “Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi” tuzib kelinmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining 25 ta konvensiyasi, shu jumladan, barcha 10 ta fundamental va 4 ta ustuvor konvensiyalari ratifikasiya qilindi. Birgina 2024 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta muhim konvensiyalari ratifikasiya qilindi.

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan Bosh jamoa kelishuvi, shuningdek, tarmoq hamda hududiy jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlarga munosib ish haqi to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2023-2025 yillar uchun imzolangan Bosh jamoa kelishuvida mehnatkashlarning real ish haqi va daromadlarini oshirishga, yalpi ichki mahsulot tarkibida mehnat haqi ulushini 30 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda saqlab turishga doir choralar ko‘rish masalasi kiritilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, respublika bo‘yicha  korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffisientini ko‘tarish choralari ko‘rilishi natijasida bir necha yuz minglab xodimning ish haqi oshirilishiga erishilgan.

Kasaba uyushmalari tomonidan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan ham jamoatchilik nazorati olib borilmoqda. Shuningdek, Kasaba uyushmalari tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarda xodimlarga to‘lanayotgan ish haqining ular malaka darajasiga muvofiqligi bo‘yicha monitoringlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchilar tomonidan kafolatlangan eng kam ish haqi miqdoriga rioya etilishi holati yuzasidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilmoqda.

Seminarda Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining vazifalari, Mehnat xavfsizligi va gigienasi munosib mehnatni ta’minlovchi omillardan biri sifatida, Yoshlar va munosib mehnat raqamli transformasiya davrida: kasaba uyushmalarining vazifalari xususida ham so‘z bordi.

Seminar yakunida Munosib mehnat Konsepsiyasi tayanuvchi to‘rtta muhim maqsad, shu jumladan, bandlik va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash yo‘nalishlarida ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan galdagi vazifalar ham muhokama etildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari