[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

13.10.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etdi. Undan kasaba uyushmalari harakatining yubiley sanasini tantanali nishonlash, mazkur sana munosabati bilan soha faollarini ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish maqsad qilingan.

Ushbu nishon bilan kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan, sohaning tarixini yaxshi bilgan va uni keng ommaga targ‘ib qilgan, mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ishchi-xizmatchilar, mazkur yo‘nalishga katta hissa qo‘shgan, nufuzini oshirib, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etgan shaxslar, shu jumladan, ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, kasaba uyushmalarining tashkiliy masalalarida, ularning rivojlanishida va jamiyatdagi rolini mustahkamlashda o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shgan arboblar, ish beruvchilar va boshqa shaxslar taqdirlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan, ammo yurtimiz kasaba uyushmalari faoliyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilgan, xorijiy davlatlar kasaba uyushmalari bilan aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shgan, shuningdek, marhum shaxslar ham (bunday hollarda mukofot marhumning yaqin qarindoshlaridan biriga topshiriladi) taqdirlanishi mumkin.

Mukofotlash O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga asosan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi bayrami arafasida yoki bevosita bayram kuni amalga oshiriladi.

Esdalik nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi, taqdirlanganlarga nishon bilan birga uning guvohnomasi topshiriladi. Nishon bilan qayta taqdirlash amalga oshirilmaydi, yo‘qotilgan hollarda takroran berilmaydi.