15.10.2025. Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida tibbiyot muassasalarida mehnat qilib kelayotgan xodimlar o‘rtasida “Sog‘liqni saqlash vaziri va Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi kubogi” spartakiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada hududiy bosqichda birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar viloyat bosqichida g‘oliblik uchun kurash olib bordilar. Ular sportning mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha bellashdilar.
Har bir sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bellashuvlar qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Kimgadir g‘olib bo‘lish uchun biroz omad yetishmagan bo‘lsa, yana kimgadir vaqt kamlik qildi.
— Sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari o‘rtasida o‘tkazilib kelinayotgan ushbu musobaqa yildan-yilga ommalashib bormoqda. Bunda sportga oshno tibbiyot xodimlari o‘z iqtidorlarini namoyish etmoqdalar. Ushbu musobaqada ham 300 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari ishtirok etib, o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatishdi, — deydi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Shohidaxon Karimova.
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra kuchli va mahoratli sportchilar g‘alaba qozonib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.
— Musobaqa juda qiziqarli o‘tdi. Futbol musobaqasida finalda Furqat tuman tibbiyot birlashmasi jamoasi bilan bellashdik. Lekin biroz omad yetishmadi. Asosiysi, hamkasblarimiz bilan bellashib, sport musobaqasini bayramdek o‘tkazdik, — deydi Dang‘ara tuman tibbiyot birlashmasi jamoasi sardori Hamid Ergashev.
Musobaqa g‘oliblari va 2–3-o‘rinni olgan jamoalarga Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.