16.10.2025. Mamlakatimizda kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, mehnat huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan ham mazkur yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Viloyat hokimligi, hamkor tashkilotlar bilan tuzilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid 1 ta hududiy, 47 ta tarmoq jamoa kelishuvi hamda 11 ming 349 ta korxona va tashkilotlarda qabul qilingan jamoa shartnomalari doirasida zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyat kengashining mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Ergashali Teshaboev. – Ana shu kelishuv va shartnomalar asosida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va intellektual manfaatlarini himoya qilish, mehnatni muhofaza qilish, xodimlar, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lomlashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jamoa shartnomalari va kelishuvlarga asosan mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlari himoyasini ta’minlash maqsadida jamoa shartnomalarida xodim hamda ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini olish tartibi to‘la joriy etildi. Ushbu tartib korxona va tashkilotlardagi 375,5 ming nafardan ziyod xodimlarga tatbiq etildi.
Viloyatdagi korxona va tashkilotlarda 4 ming 873 nafar xodim hamda ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish uchun 5 milliard 159 million 800 ming so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.
Bandlik bosh boshqarmasi, tuman, shahar bandlikka ko‘maklashish markazlari va boshqa tashkilotlar tashabbusi bilan o‘tkazilgan 164 ta “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari”da kasaba uyushmalari tashkilotlari faol ishtirok etdi. O‘tkazilgan ana shu mehnat yarmarkalarida 6,5 ming nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi, shundan 4 ming 259 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, 818 nafar fuqaroga mehnat qonunchiligi va boshqa masalalarda huquqiy maslahatlar berildi.
O‘tgan davr mobaynida 147 ta korxonadagi 238 nafar pensiya yoshidagi fuqaroga 132 million 209 ming so‘m, 543 ta korxonada 960 nafar ishlamaydigan pensionerga 348 million 31 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Yubiley sanalari munosabati bilan 158 ta korxonada 251 nafar xodimga 127 million 250 ming so‘m miqdoridagi sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, bayramlar munosabati bilan 75 ta korxonada nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning 101 nafariga 55 million 974 ming so‘m, ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun korxonalarda 218 nafar ayolga 124 million 387 ming so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Tarmoq korxonalarida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 2 ming 328 nafar farzandiga 307 million 230 ming so‘m miqdoridagi o‘quv qurollari xarid qilish xarajatlari qoplab berildi.
Nodavlat mulk shaklidagi 114 ta korxona va tashkilotda ishlayotgan 181 nafar bolali ayolga oylik maoshi saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soatdan oshmaydigan tarzda belgilandi.
Viloyatdagi korxonalarda 1 ming 414 ta kam ta’minlangan yosh oila vakillariga 741 million 40 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan kam ta’minlangan va chin yetim 41 nafar talabaga kontrakt to‘lovining bir qismini to‘lash uchun 324 million 741 ming so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun 44 ta yosh oilaga 319 million 700 ming so‘m foizsiz ssudalar ajratildi. 24 nafar yosh xodimga safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatni o‘tashi uchun to‘lanadigan mablag‘ni qoplashga 111 million 212 ming so‘m foizsiz ssudalar berildi.
Kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari tomonidan 96 ta korxona, tashkilot va muassasada ish beruvchilarning mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga amal qilinishi holati o‘rganilib chiqildi. Bu borada qonunbuzilish holatlari aniqlanmadi. Ish beruvchilarga mehnatga haq to‘lash me’yorlarining eng kam miqdori yuzasidan zarur tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik, xodimlarga to‘lanayotgan ish haqi ularning malaka darajasiga muvofiqligi bo‘yicha ham monitoring o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik, xodimlarga malaka darajasidan past haq to‘lash holatlari aniqlanmadi.
Aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha ham zarur ishlar olib borildi. Xususan, Bandlik bosh boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlar tahlil etilganida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qo‘yilgan 4 ming 968 ta ish o‘rniga ana shu toifaga kiruvchi 2 ming 785 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi.
Zararli, xavfli va noqulay mehnat sharoitlarida ishlovchi xodimlarning mehnat sharoitlari, ularning zarur kiyim-bosh, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi borasidagi ishlar ham doimiy ravishda o‘rganib kelinmoqda.
Korxona, tashkilot va muassasalarda sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklari tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha doimiy jamoatchilik nazorati va monitoringi yo‘lga qo‘yildi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan yuqoridagi kabi ishlar tizimli va reja asosida olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mehnatkashlar, kasaba uyushma a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlashdir.
Faxriddin Ubaydullaev
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA