[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

24.10.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi hamda “11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

Tadbirda TATU Samarqand filiali rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, kasaba uyushmasi faollari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Ushbu tadbir kasaba uyushmalari tizimi bilan yoshlar o‘rtasidagi muloqotni yanada kuchaytirish, yosh avlodni kasaba uyushmalari faoliyati va vazifalari bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat kengashi raisi Suxrob Rafiqov bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik tarixi, kasaba uyushmalarining asosiy maqsad va vazifalari, ularning xodimlar manfaatlarini himoya qilishdagi roli hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, imtiyozlar va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va o‘z fikr-takliflarini ham bildirdilar. Ular kasaba uyushmalari faoliyatida ishtirok etish, ta’lim jarayonida ijtimoiy himoya masalalari hamda yoshlar bandligini ta’minlashga oid dolzarb mavzularni muhokama qildilar.

Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Yoshlar tomonidan ilgari surilgan takliflar mas’ul rahbarlar tomonidan ko‘rib chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi bildirildi.

TATU Samarqand filialida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodimlar va talabalarning huquqlarini himoya qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

“Rahbar va yoshlar uchrashuvi” mazkur tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘lib, yoshlarni ijtimoiy faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga undadi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlar bilan muloqotni kuchaytirish, ularning fikrlarini tinglash va yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbir davomida bir guruh xodimlar va talaba-yoshlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari hamda Jizzax viloyatining Zomin tumaniga tashkil etiladigan ikki kunlik bepul sayohatda ishtirok etish uchun sertifikatlar topshirildi.