01.11.2025. 2025 yilning 1 noyabr’ kuni poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Qurultoy ishiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov raislik qildi.
Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Qahramonlari, senatorlar, kasaba uyushmalarining ijtimoiy hamkorlari bo‘lgan ko‘plab vazirlik, idoralar rahbarlari, nuroniylar, belgilangan vakillik me’yoriga muvofiq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga saylangan delegatlar, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti vakili Gocha Aleksandriya ishtirok etdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyi ochiq deb e’lon qilingach, Qurultoy rayosati va ishchi organlari tarkibi, kun tartibi va ish tartibi tasdiqlab olindi.
Qurultoyda dastavval O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari: Federatsiyaning 2021-2025 yillardagi faoliyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida milliy taraqqiyotning yangi bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari to‘g‘risida” ma’ruza qildi.
Ma’ruzada oxirgi 8-9 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida barcha sohalarda birdek olib borilayotgan tub islohotlar, inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar va tashabbuslar natijasida xalqimiz turmush farovonligi oshib, insonlarning ertaga emas, bugun yaxshi yashashi ta’minlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Qayd etish zarurki, Federatsiyaning 9-Qurultoyi kasaba uyushmalari uchun tarixiy bo‘lgan kunlarda bo‘lib o‘tmoqda. Chunki, kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soha xodimlari va faollari bilan o‘tkazgan muloqoti, chin ma’noda, tarixiy hodisa bo‘ldi. Zero Davlat Rahbarining kasaba uyushma faollari bilan bunday keng formatli uchrashuvi ilk bora o‘tkazildi va yuksak e’tibor ko‘rsatildi.
– O‘tgan davr O‘zbekiston kasaba uyushmalari hayotida unutilmas va zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy davr bo‘ldi desam, aynan haqiqatni aytgan bo‘laman, – deya ta’kidladi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov o‘z ma’ruzasida. – Ayniqsa, kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi arafasida Prezidentimizning soha xodimlari va faollari bilan o‘tkazgan muloqoti chin ma’noda tarixiy hodisa bo‘ldi. Uchrashuvda Davlat rahbari “Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 million a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor” deya e’tirof etganlari faoliyatimizga yuksak baho bo‘ldi. Shu ma’noda, biz ikki karra baxtli insonlarmiz. Chunki bir tomondan 120 yillik shonli tarix bilan yuzma-yuz kelish taqdirning bir tuhfasi bo‘lsa, Millat Liderining mehriga munosib ko‘rilish ikkinchi ulkan baxtimizdir!
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik tarixi bilan bog‘liq va Qurultoy bo‘lib o‘tayotgan muhtasham Kasaba uyushmalari Saroyida:
1905-1907 yillarda Turkiston kasaba uyushmalarining ilk ta’sis yig‘ilishi;
1920 yilda Turkiston Respublikasi kasaba uyushmalari II S’ezdi;
1925 yil mart oyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Kengashining (Uzsofprof) I Qurultoyi bo‘lib o‘tgan edi.
Bu faktlar mamlakat kasaba uyushmalari bugungacha qanchalik shonli yo‘lni bosib o‘tganiga yana bir dalildir. Yana bir muhim jihat – Kasaba uyushmalarining uzoq o‘tmishiga guvoh bo‘lgan mazkur Saroy Yangi O‘zbekiston davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kasaba uyushmalari tasarrufiga berilganidir.
Keyingi to‘qqiz yilda Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilgan ulkan islohotlar mamlakat va xalqimiz hayotida keskin burilish yasadi.
Hisobot ma’ruzada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 9-Qurultoyi jahon hamjamiyati O‘zbekistonni “Yangi O‘zbekiston” deb va Uchinchi Renessans davriga shaxdam va dadil qadam qo‘yayotganini e’tirof etayotgan g‘oyat muhim bir davrda o‘tmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda shakllangan Yangi tizim – halqimizni baxtli qilish tizimi o‘zini to‘la oqlamoqda.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati hamda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishlaridagi tizimli sa’y-harakatlarga hamohang ravishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tgan hisobot davrida faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan davrda Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari shakllandi deyishga to‘la asoslar bor.
Qurultoyda hisobot davrida amalga oshirilgan ishlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasaba uyushma faollari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlaridan kelib chiqib, oldinda turgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, hisobot davrida safi 8 millionlik kasaba uyushmalari mehnatkashlarning huquqiy himoyasini ta’minlash bilan birga mehnat sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 2,5 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar kiritdilar. Jumladan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasining bevosita ishtirokida Xalqaro mehnat tashkilotining talablari va tavsiyalariga javob beradigan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi. “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi hamda “Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi kasaba uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlab berdi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar manfaatlari bilan bog‘liq Konvensiyalari ratifikasiya qilinishida faol ishtirok etildi.
Tizimda Mehnat inspeksiyasining tashkil etilgani jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Hisobot davrida kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan 13 mingdan ziyod tashkilotda qariyb 46 mingta kamchilik aniqlandi va ularning 39 mingdan ortig‘i bartaraf etildi. Jamoatchilik nazorati orqali qariyb 500 ming nafar xodimning huquqi tiklanib, ular foydasiga
267 mlrd. so‘m undirib berildi.
Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish sohasidagi ishlar borasida muzokara va maslahatlashuvlar asosida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid dolzarb masalalar hal etildi. Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori qayta ko‘rib chiqilib, o‘tgan besh yil ichida bu miqdor 2 barobarga oshdi.
2025 yil 1 yanvarga kelib, jamoa shartnomalari soni 2021 yildagi 110 mingdan 127 mingtaga, qamrab olingan xodimlar soni esa 4,3 mlndan 5 mln. 540 ming nafarga yetdi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 960 mingdan ortiq ayollar, keksalar va yoshlar manzilli qo‘llab-quvvatlandi.
Bugungi kunda jamoa shartnomalari xodimlar uchun bandlik va munosib mehnat kafolatlarini belgilash, ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylangan. Tuzilgan jamoa shartnomalarining barchasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini albatta olish talabi kiritilgan.
2024 yil yakunlariga ko‘ra respublika bo‘yicha 32 ming 251 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffisienti ko‘tarilgan bo‘lib, bu orqali 1 mln. 342 ming nafar xodimning ish haqi oshirilishiga erishilgan. Jamoa shartnomalari orqali 101 ming 159 nafar xodimga to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlash, 2 mln. 635 ming nafar xodimga asosiy uzaytirilgan, 4 mln. 257 ming nafar xodimga esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, 80 mingdan ziyod tashkilotda jamoa shartnomalari asosida ijtimoiy ta’tillar belgilangan va ulardan foydalangan xodimlar soni qariyb 2,5 mln. nafarni tashkil etadi.
Tahlillarga ko‘ra, jamoa shartnomalarida xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar kiritilishi natijasida, respublika bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ 10 mln. 89 ming so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 2 barobarga ortgan.
Aholining kam ta’minlangan qatlamlari ijtimoiy himoyasini ta’minlash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar kam ta’minlangan ayolga yordam ko‘rsatildi. Mamlakatimizning 14 ta hududida 969 ta kooperatsiya usulidagi loyiha tufayli 124 mingdan ziyod aholi, jumladan, 90 mingdan ortiq ayollar bandligi ta’minlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Genderga oid audit o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 5 ta vazirlik hamda uning tarkibiy tuzilmalarida genderga oid audit o‘tkazildi. Federatsiyaning “1211” Ishonch telefoniga xotin-qizlardan tushgan 200 mingdan ziyod murojaatning 99,6 foizida ko‘tarilgan masalalar hal etildi.
Ta’kidlash zarurki, kasaba uyushmalari keyingi to‘qqiz yilda asriy yangilanishlarning guvohi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan 11 noyabrning “Kasaba uyushmalari kuni” deb e’lon qilinishi kasaba uyushmalari tarixiga zarhal harflar bilan yozildi.
2021 yil “O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi” muzeyi tashkil etildi. Ilmiy izlanishlar natijasida mamlakatimizda ilk kasabachilik harakati 1905 yilda boshlanganligi va bu yil uning tashkil etilganiga 120 yil to‘lishi arxiv hujjatlari asosida o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixida ilk bor, 2025 yilda o‘tkazilgan saylovlarda barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Ayni tashabbus O‘zbekiston kasaba uyushmalarining xalqaro darajadagi nufuzini oshirdi.
O‘z saflarida 8 millionlik a’zoni birlashtirgan kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshidagi Malaka oshirish instituti bugun soha mutaxassislari uchun ixtisoslashgan ta’lim muassasasiga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufida Markaziy Osiyoda yagona Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi tashkil etildi. Mazkur Akademiya bugunga kelib, soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish, davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Kasaba uyushmalari bu borada katta tajriba va salohiyatga ega. Hisobot davrida ushbu yo‘nalishda barcha imkoniyatlardan keng foydalanildi. Raqamlarga murojaat etsak, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991 yildan 2017 yilgacha o‘tgan 26 yil davomida kasaba uyushmalari tizimida 1 ta yangi sanatoriy qurilgan bo‘lsa, oxirgi to‘qqiz yilda 14 ta yangi sanatoriy qurilib, foydalanishga topshirildi va yana 10 ga yaqini rekonstruksiya qilindi. Natijada o‘rinlar soni 2017 yilga nisbatan 2 ming 43 taga oshib, yiliga qo‘shimcha 60 mingdan ortiq aholini sog‘lomlashtirish imkoni yaratildi.
Hisobot davrida Federatsiya tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida 900 mingga yaqin fuqaro sog‘lomlashtirildi, ularning 43 foiziga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilib, salomatligi mustahkamlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq 2022 yilda Federatsiya tizimida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etildi. Faoliyatini to‘xtatgan yoki samarasiz ishlayotgan 82 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi mazkur Qaror asosida Federatsiya balansiga o‘tkazildi va tasarrufdagi oromgohlar soni 110 tadan oshdi. 2020-2025 yillarda 9 ta yangi bolalar oromgohi qurildi, 76 tasi kapital ta’mirlandi. 2021-2025 yillar yoz mavsumida 1 mln. 545 ming nafardan ziyod bola, shu jumladan, ularning 800 ming nafari stasionar, 700 ming nafardan ziyodi kunduzgi oromgohlarda sog‘lomlashtirildi.
Federatsiyaning “Jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish ishlari boshqarmasi” faoliyatini kengaytirish sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2024 yilda “Yakkasaroy” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida xalqaro talablarga javob beradigan suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi. Yaratilayotgan shart-sharoitlar kasaba uyushmalari sportchilarining xalqaro musobaqalarda yuksak marralarni egallashlari uchun zamin yaratdi. Natijada so‘nggi yillarda kasaba uyushma sportchilari Olimpiada, Jahon va Osiyo chempionatlarida 123 ta oltin, 130 ta kumush va 72 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xalqaro kasaba uyushmalari harakatidagi nufuzi ortib borayotganini ham alohida ta’kidlash zarur. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Bosh direktori Jil’bert Ungbo O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatimiz tajribasini xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model’ sifatida ko‘rayotganini ta’kidlagani, kasaba uyushmalari faoliyatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi.
Hisobot davrida Xalqaro hamkorlik kuchaytirildi. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 2021 yilda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi. 2023 yilda Samarqand shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya ishtirokida Turkiy Davlatlar kasaba uyushmasi tashkilotiga asos solindi.
2024 yil oktyabr’ oyida salkam 300 millionga yaqin a’zosi bo‘lgan Umumxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ushbu nufuzli tashkilot bilan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish borasida hamkorlik memorandumi imzolangani muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
2024 yil dekabr’ oyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 169 ta davlatning 333 ta kasaba uyushmalarini birlashtirgan hamda 250 mln. nafardan ziyod a’zoga ega Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining haqiqiy a’zoligiga qabul qilingani mamlakatimiz kasaba uyushmalarining global kasaba uyushmalari harakatida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lib borayotganini namoyish etdi.
Hisobot-ma’ruzada kelgusida O‘zbekiston kasaba uyushmalari oldida turgan reja va maqsadlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, tarmoq va hudud darajasidagi vakolatli organlarning qabul qilayotgan me’yoriy hujjatlari loyihalarida kasaba uyushma a’zolarining manfaatlarini himoya qilish tarmoq kasaba uyushmalari hamda hududiy Kengashlarning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolishi zarurligi ta’kidlandi.
Mehnat muhofazasiga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil qilish sohasidagi ishlarni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Xususan, Tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamkor vazirlik, idoralar bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishi, bu yo‘nalishda mehnat inspektorlarining mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalarning mehnat sohasidagi masalalarda ta’sirini oshirish oldinda turgan muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Bu borada Prezidentimiz kasaba uyushmalari oldiga aniq vazifa qo‘ydilar. Unga ko‘ra, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlarini tayyorlash jarayoniga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyasini ham jalb qilish topshirildi. Mazkur yangicha yondashuv ushbu masalada xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish imkonini beradi.
Bu borada Muhtaram Prezidentimizning vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib borish, tarmoq kasaba uyushmalari raislarini vazirlik va idoralar xay’ati a’zoligiga kiritish takliflari ayni muddao bo‘ldi. Bu – qo‘shma majlislarda tarmoq jamoa kelishuvlari va shartnomalarining bajarilishi, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va boshqa ijtimoiy masalalarni muhokama qilib borish va yechimini topish imkonini beradi.
Sirasini aytganda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobot davrini salmoqli natijalar bilan yakunlamoqda. Eng asosiy yutuq – mehnatkashlar himoyachisi bo‘lgan kasaba uyushmalariga aholining ishonchi tobora ortib borayotganidir. Chunki, Federatsiya nafaqat davlatning ijtimoiy hamkori, balki mehnatkashlar manfaatlarini qat’iy turib himoya qila oladigan fuqarolik instituti sifatida o‘zini ko‘rsatdi.
Qurultoyda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Nazorat-taftish komissiyasining 2021-2025 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham tinglandi.
Har ikkala masala yuzasidan bo‘lib o‘tgan muhokamalar jarayonida so‘zga chiqqan delegatlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatiga baho berish bilan bir qatorda Nazorat-taftish komissiyasi hisoboti bo‘yicha ham o‘z munosabatlarini bildirdilar.
Shundan so‘ng Qurultoy nomiga qator Xalqaro tashkilotlar, ko‘plab horijiy davlatlarning kasaba uyushmalari milliy markazlaridan yo‘llangan tabriklar o‘qib eshittirildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Ish beruvchilari Konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha Bosh jamoa kelishuvi har uch yilda imzolab kelinmoqda. Mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasida kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi hujjat hisoblanadi. 2023-2025 yillar uchun Bosh jamoa kelishuvining amal qilish muddati tugayotganligi sababli Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan 2026-2030 yillar uchun yangi Bosh jamoa kelishuvi loyihasi tayyorlanib, unda “O‘zbekiston 2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan 2025 yil 17 oktyabr’ kuni o‘tkazilgan uchrashuvida bildirgan taklif va tavsiyalari ham o‘z aksini topdi. Kelishuv loyihasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan kelishib olindi va imzoga tayyorlandi.
Qurultoy doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi raisi Otabek Ashurov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov tomonidan yangi Bosh jamoa kelishuvini imzolash marosimi o‘tkazildi.
Qisqa tanaffus vaqtida Sanoq komissiyasi majlisi o‘tkazib olindi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan muhokamalarda so‘zga chiqqan delegatlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hisobot davridagi faoliyatini qoniqarli deb topish taklifini kiritdilar. Ushbu taklif barcha delegatlar tomonidan tasdiqlanib, bir ovozdan qabul qilindi. Shundan so‘ng kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha Qurultoy qarori loyihasi yuzasidan tahrir komissiyasining takliflari eshitildi va qaror qabul qilindi.
Shuningdek, so‘zga chiqqan delegatlar Nazorat-taftish komissiyasining hisobotini tasdiqlash taklifini kiritdilar va ushbu taklif Qurultoy delegatlari tomonidan tasdiqlandi hamda ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng Qurultoy kun tartibidagi saylovlar masalalari, ya’ni, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi va uning o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashi, Ijroiya qo‘mitasi, shuningdek Nazorat-taftish komissiyasi tarkibi va raisini saylash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida Nizomga muvofiq Federatsiya raisi va rais o‘rinbosarlari saylovi yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.
Eng avval Federatsiya raisi saylovi bo‘yicha yashirin ovoz berish byulleteniga kiritiladigan nomzodlar ro‘yxati shakllantirib olindi. Qayd etilginidek, Tarmoq kasaba uyushmalari, Federatsiyaning hududiy Kengashlari delegasiyalari vakillari yig‘ilishida Federatsiya raisi va rais o‘rinbosarligiga nomzodlar yuzasidan maslahatlashuv o‘tkazilib, takliflar tayyorlangan. Delegasiyalar vakillari yig‘ilishi nomidan nomzodlar o‘qib eshittirilgach, ular yashirin ovoz berish byulleteniga kiritildi.
Qisqa tanaffus vaqtida delegatlar uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi va faoliyati to‘g‘risida tayyorlangan fil’m namoyish etildi.
Bevosita saylovlar jarayoniga o‘tilgach delegatlarga yashirin ovoz berish tartibi tushuntirilib, ovoz berish jarayonlari boshlandi.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, Rafikov Qudratilla Mirsoatovich ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi etib saylandi.
Shundan so‘ng Federatsiya raisining o‘rinbosarlari saylovi bo‘yicha yashirin ovoz berish natijalari e’lon qilindi.
Federatsiya organlari tarkibi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari va raisini saylash jarayonlari delegatlar taklifiga ko‘ra ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.
Qurultoyda shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 17 oktyabrda O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvidan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risida»gi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Davlat rahbari uchrashuvda kasaba uyushmalariga o‘zining yuksak hurmat va ezgu tilaklarini izhor etib, har bir korxona va tashkilotga ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgani uchun bildirilgan minnatdorlik faoliyatga yuksak bahodir. Shu bilan birga, Prezidentimiz kasaba uyushmalari faoliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar. Ushbu taklif va tavsiyalarni amalga oshirish maqsadida “yo‘l xaritasi” va qaror loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjatlar loyihalari yuzasidan qaror bir ovozdan qabul qilindi.
Shundan so‘ng Qurultoyga Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jil’ber Ungbodan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi va “Kasaba uyushmalari kuni” bayramlari, shuningdek Federatsiyaning IX Qurultoyi munosabati bilan kelib tushgan videotabrik namoyish etildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan qayd etilganidek, Bosh kengash qarori bilan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatining 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlari” loyihasini tayyorlash bo‘yicha maxsus Ishchi guruh tuzilib, ushbu muhim hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Bu jarayonda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va Federatsiyaning hududiy Kengashlaridan tushgan takliflar ham e’tiborga olindi. Strategik yo‘nalishlar loyihasi bo‘yicha qaror delegatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Shuningdek, Federatsiyaning o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan Ustavi loyihasi va ushbu masala bo‘yicha qaror loyihasi ham delegatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Qurultoyda tushgan savollarga javob berilgach, Qurultoy yopiq deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский