07.11.2025. 6 noyabr’ kuni Urganch shahridagi “Diamond Holl” bazmlar uyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil qilindi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Otabek Musaev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati Kengashi raisi Gulsara Qurbonboeva, hamkor tashkilotlar vakillari, yirik ish beruvchilar, kasaba uyushma faollari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdilar.
Ta’kidlanganidek, keyingi sakkiz yilda hurmatli Prezidentimiz boshchiligida xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi hayoti sifatini va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda salkam 120 yillik tarixga ega O‘zbekiston kasaba uyushmalarining o‘rni va roli katta. Kasaba uyushmalari xalq ichiga chuqur kirib borayotgani, odamlarning og‘irini yengil qilish, el-yurt manfaatlariga xizmat qilishni ustuvor vazifa sifatida belgilab, tizimli ishlar olib bormoqda.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati Kengashi ham mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasi, inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Hozirgi kunda viloyatimizda 2 ming 700dan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda va turli sohalarda mehnat qilayotgan 474 ming nafardan ziyod a’zolarni o‘z saflarida birlashtirgan.
Korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga va kasbga oid munosabatlarni tartibga solishda Jamoa shartnomalarining ahamiyati katta. Ushbu mahalliy hujjat xodimlar manfaatlari himoyasini kuchaytirish hamda daromadlarni oshirish manbaiga aylanib bormoqda. Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun viloyat bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga sarflangan mablag‘ 6 mln 500 ming so‘mni tashkil etgani fikrimizni tasdiqlaydi.
Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarning mehnat huquq va manfaatlarini ta’minlash, salomatliklarini mustahkamlash, maroqli dam olish va bolalar oromgohlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Masalan, o‘tgan 5 yil mobaynida soha xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 240 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi. Shu bilan birga, mehnat muhofazasi bo‘yicha 263 ta korxona va tashkilotda 3000dan ziyod kamchilik bartaraf etildi.
Joriy yilda kasaba uyushmalari tomonidan yoz mavsumi davomida 12 ming nafardan ziyod bolalarning oromgohlarda dam olishlari ta’minlandi. 2900 nafardan ortiq xodimlar va ularning oila a’zolari tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli ravishda sog‘lomlashtirildi. Ichki turizm yo‘nalishida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» loyihasi doirasida 33 500 nafarga yaqin kasaba uyushma a’zolarining tarixiy shaharlarimizga sayohatlari tashkil etildi. Bundan tashqari, 16 500 nafardan ziyod xodimga konsert, teatr, muzey va ko‘rgazmalarga chiptalar xarid qilinib berildi.
Shu yili Qo‘shko‘pir tumanida 47 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga «Humo» oromgohi foydalanishga topshirildi. Eng zamonaviy uslubda bunyod etilgan va jihozlangan 200 o‘rinli yangi bino yiliga 1000 nafardan ziyod bolajonlarning maroqli dam olishlari va salomatliklarini mustahkamlashlariga imkoniyat yaratdi. Ushbu inshoot Prezidentimizning «Inson qadri uchun» g‘oyasining amaliy ifodasi hisoblanadi.
17 oktyabr’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning kasaba uyushmalari faollari bilan tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Prezident belgilab bergan vazifalar xalq manfaatiga xizmat qiladigan dasturilamal sifatida muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mehnatkash insonning huquq va manfaatlarini himoya qilish, uning sog‘lom va farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoit yaratish – Yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy yo‘nalishidir.
Shu ma’noda, “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni barpo etish, zamonaviy sanatoriylar va bolalar oromgohlarini qurish tashabbuslari Xorazm viloyatida ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Tadbir davomida bir guruh kasaba faollari Xorazm viloyat hokimining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, kasaba uyushmalari faoliyatiga yaqindan yordam berib kelayotgan rahbarlar, yirik ish beruvchilar va faol xodimlar «O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.
Bir piyola choy atrofidagi samimiy suhbatlar davomida ishtirokchilar kasaba uyushmalari tizimidagi o‘zgarishlar, xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar yaxshilanib borayotgani, bularning barchasi «Inson qadri uchun» islohotlarining samarasi ekanini qayd etdilar.
Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o‘ziga xos shukuh bag‘ishladi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский